Gulandom Subhonova: Biz – o‘zbekistonlik tojiklar ota-bolalarimiz tug‘ilib, mangu qo‘nim topgan shu muqaddas zaminning farzandlarimiz
Hamjihatlik, totuvlik, bag‘rikenglik bilan yurtlar obod bo‘ladi. Ayniqsa, o‘zaro milliy va etnik nizolar, diniy, hududiy kelishmovchiliklar kuchaygan bugungi dunyoni kuch emas, insonlar, millatlar, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik saqlab qolishi o‘z isbotini topmoqda. Shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbarining faqat yon qo‘shnilar emas, balki global miqyosda o‘zaro ishonchli aloqalarni, hamkorlikni rivojlantirish maqsadida uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati yurtimiz ravnaqi, obodligining garovidir.
Darhaqiqat, muayyan davlat rivojida yon-atrofdagi mamlakatlar bilan yaqin aloqa, yaxshi qo‘shnichilik munosabati juda muhim. Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va qat’iy siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyodagi davlatlar bilan munosabatda to‘planib qolgan muammolar qisqa muddatda hal etildi. Chegaralar ochilib, o‘zaro bordi-keldi yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi azaliy qo‘shnichilik munosabati tiklanib, yillar davomida ikki tomonda bir-biridan uzilib yashashga majbur bo‘lgan qarindosh-urug‘, aka-uka, ota va farzandlar diydorlashishi muammosi kun tartibidan olib tashlandi.

– Hozir mamlakatimizda barcha millat va elatlar qatori tojik madaniyati, milliy, tarixiy qadriyatlarini saqlash va rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Respublika tojik madaniyati markazi rahbari Gulandom Subhonova. – O‘zbekistonda tojik millatiga mansub 1 million 700 mingdan ziyod yurtdoshimiz istiqomat qilib, yurtimizning iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. Biz – o‘zbekistonlik tojiklar o‘zimizni ota-bolalarimiz tug‘ilib, mangu qo‘nim topgan shu muqaddas zaminning farzandlari, deb bilamiz. O‘zbekiston esa, hech shubhasiz, muqaddas Vatanimizdir. Millatdoshlarim orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, o‘qituvchilar, shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor. Ular ana shu tuyg‘u, Vatan mehri bilan yashayotgani uchun ham bugun ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Yurtimizda tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. Qolaversa, 255 maktabda ta’lim tojik tilida olib boriladi. Qator oliy o‘quv yurtlarida tojik tilida ta’lim beradigan fakultetlar, bo‘linmalar bor. Yangi O‘zbekistondagi bag‘rikenglik siyosatiga yana bir hayotiy misol: yaqin yillargacha oliy ta’limdagi tojik guruhlariga kirish uchun tojik tilida test topshirish imkoniyati yo‘q edi. Natijada bilimli bolalarimiz oliy ta’limga kirishda qiyinchilikka duch kelardi. Mamlakatimizdagi islohotlar sabab ushbu masala ham yechim topdi. Bu mamlakatimizda turli millat vakillariga nisbatan yaratilayotgan sharoitlarning birgina ko‘rinishidir.
– Quvonch bilan ayta olamanki, millatimizning har bir vakili qilayotgan har qanday mehnat e’tiborda, e’zozda, – deya so‘zini davom ettiradi Gulandom opa. – So‘nggi yillarda 130 dan ziyod tojik millatiga mansub fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Masalan, parasportchi, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov “Shuhrat” medali, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanib, unga uy, avtomobil sovg‘a qilingan. To‘xtamish To‘xtayev, Bozorgul Nazarova, Sattorjon G‘ofurovlar qatori kamina ham “Do‘stlik” ordeniga sazovor bo‘lganmiz.
Bizni yana bir holat doim quvontiradi. Prezidentimiz har bir bayram tabrigida, xalqimizga murojaat yo‘llaganida yoki chiqishlarida hamisha “ko‘p millatli xalqimiz” degan iborani ishlatadi. Demak, diyorimizdagi har qanday millat vakillari ko‘p millatli xalqimizning doimiy e’tiborida. Yana bir jihat: har yili Navro‘z bayramida milliy madaniy markazlar ko‘rgazmalarini davlatimiz rahbari shaxsan ko‘zdan kechirib, markaz raislari va faollar bilan samimiy suhbatlashadi. Muammolarimiz, kelgusidagi rejalarimiz haqida so‘raydi. Bu gal ham ezgu an’ana davom etdi.

Elning obro‘si, moddiy boyligidan ko‘ra ilm-ma’rifat, madaniyat taraqqiyotga ko‘proq hissa qo‘shishiga tarixda ham, bugun ham misollar ko‘p. Shu o‘rinda tojik tilida dars beriladigan maktablardan birini misol sifatida keltirmoqchiman. Jizzax viloyati Yangiobod tumanining eng chekka hududidagi Chakand qishlog‘idagi maktabni nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni Tojikistonda ham yaxshi bilishadi. Aholisi ikki tilda so‘zlashsa-da, qalbi, o‘y-fikri uyg‘un bu qishloqdagi 6-umumta’lim maktabida 130 ga yaqin o‘quvchi tojik tilida ta’lim oladi. Ushbu maktab ko‘plab ilmli kishilarni tarbiya qilgani bilan mashhur. Shu qishloqdan yetishib chiqqan sakkiz nafar fan doktori va fan nomzodi turli ilmiy muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotir. Bugun Yangiobodda va qo‘shni tumanlarda chakandlik 40 nafardan ziyod shifokor, yana bir necha boshqa sohaning malakali mutaxassislari ishlamoqda. Hozir ushbu maktabning 40 nafardan ziyod bitiruvchisi turli oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqda. Bunday misollarni boshqa viloyatlardan ham keltirish mumkin. Bu davlatimiz tomonidan boshqa tillarda o‘qiydigan yoshlarning barkamol voyaga yetishlari uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani, darslik, o‘quv qo‘llanmalari bilan to‘liq ta’minlangani samarasidir.
Gulandom Subhonovaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda jonajon O‘zbekistonimizda istiqomat qilayotgan 130 ortiq millat va elat vakillari safida tojik millatiga mansub fuqarolar ham samarali, fidokorona mehnati bilan jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Respublika tojik milliy madaniy markazi, markazning viloyat va tuman bo‘linmalari muntazam ravishda ko‘plab ilmiy-adabiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirib keladi. Respublika miqyosida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda faol qatnashib, urf-odatlarimizni asrab-avaylash, jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdek ezgu ishlarda o‘zbeklar bilan baqamti.

Darvoqe, ko‘p asrlik tarixga ega xalqlarimiz do‘stligi tamal toshini 550 yilcha burun mavlono Abdurahmon Jomiy va hazrat Navoiy qo‘yishgan. Buyuk allomalarimiz asos solgan xayrli anana zamonlar osha xalqlarimiz qardoshligini mustahkamlashga xizmat qilib keldi. Bizning davrimizda bu birodarlik G‘afur G‘ulom va Mirzo Tursunzoda, Oybek va Sadriddin Ayniy, Erkin Voxidov, Abdulla Oripov va Loyiq Sherali, Mirsaid Mirshakar va Zulfiyaxonim siymosida namoyon bo‘ldi.
Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandning markaziy istirohat bog‘ida Jomiy va Navoiy haykali qad rostladi, Dushanbeda Nizomiddin Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘i chiroy ochdi. Ushbu majmua markaziga ham xalqlarimiz do‘stligi ramzi sifatida mutafakkir shoirlarimiz haykali o‘rnatildi. Bu ma’naviyati uyg‘oq har bir inson uchun yoqimli. Ikki ulug‘ zotga bunday yuksak ehtirom o‘zbek-tojik xalqlari madaniy aloqasini yanada mustahkamladi.
Bir so‘z bilan aytganda, qardosh davlatlarimiz rahbarlari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatida yangi davrni boshlab berdi. Shu tariqa xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtasi tobora mustahkamlanmoqda.
Go‘zal Sattorova, O‘zA