O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlili
Bugungi kunda O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori iqtisodiy islohotlar va demografik o‘sish ta’sirida yangi bosqichga chiqmoqda. Uy-joyga bo‘lgan talabning ortishi va sohadagi qonunchilik o‘zgarishlari bozor dinamikasini belgilab beruvchi asosiy omillardan bo‘lib xizmat qilmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2026-yil mart oyi bo‘yicha tahlillari ham mamlakatda ko‘chmas mulk savdosi va ijara munosabatlarida sezilarli faollashuv kuzatilayotganini tasdiqladi.
Xususan, respublikada ijara narxlari ko‘tarilishda davom etmoqda. Ayniqsa poytaxtning Yashnobod tumanida yillik o‘sish 18,9 foizni, Mirzo Ulug‘bekda 14,3 foizni va Yakkasaroyda 12,5 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun qariyb 8,9 dollarni tashkil qilib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,8 foizga yuqoridir.
Shu bilan birga, mart oyida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni keskin ortib, 43,6 mingtani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan 47 foizga ko‘p bo‘lib, bozordagi bunday faollik aprel oyidan joriy etilgan yangi hisob-kitob tartibiga o‘tish bilan izohlanmoqda.
Yillik hisobda esa bitimlar soni 2 baravarga oshgan. Hududlar kesimida eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (73,2 foiz), Sirdaryo (64,6 foiz) va Namangan (63 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Jami bitimlarning qariyb 34 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda bir oy davomida savdo hajmi 44 foizga oshdi.
Narxlar dinamikasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari yillik 10 foizga ko‘tarildi. Eng katta o‘sish Sirdaryo viloyatida (22 foiz) kuzatildi. Toshkent shahrida esa yangi uylar bozori ikkilamchi bozorga nisbatan tezroq o‘smoqda: yangi qurilgan uylarning kvadrat metri yillik 8,8 foizga, ikkilamchi bozordagi uylar esa 5 foizga qimmatlashgan. Xususan, yangi uy-joylar segmentida Mirzo Ulug‘bek tumani 15,5 foizlik ko‘rsatkich bilan yetakchilik qilmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA