Inson kapitali va demografik dividend nima?
Bugungi kunda iqtisodiy rivojlanish jarayonlarida ko‘p uchraydigan ushbu tushunchalar mamlakatlarning barqaror o‘sish strategiyalarida muhim o‘rin egallamoqda. Inson kapitali va demografik dividend mohiyatini anglash esa zamonaviy iqtisodiyotda yuz berayotgan o‘zgarishlar va imkoniyatlarni to‘g‘ri baholashda katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda demografik jarayonlarning iqtisodiy o‘sishga ta’sirini chuqur tahlil qilish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda uzoq muddatli strategik yondashuvlarni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qaraladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu masalalar atroflicha muhokama qilindi. Tadbirda mamlakatda demografik jarayonlar, ularning iqtisodiy rivojlanishga ta’siri hamda demografik dividend imkoniyatlaridan samarali foydalanish yo‘llari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida demografik dividenddan foydalanish istiqbollari, inson kapitaliga investitsiyalar hajmini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar tahlil etildi. Shuningdek, aholi soni o‘sishi va yosh tarkibidagi o‘zgarishlar sharoitida inson kapitalini rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotning asosiy omili ekani qayd etildi.
Mutaxassislar qayd etganidek, ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya va bandlik imkoniyatlarini kengaytirish orqali aholi salohiyatini oshirish iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishda muhim ahamiyat ega.
Shunga ko‘ra, ular demografik jarayonlarni prognoz qilish sifatini oshirish, hududlar kesimida tahlillarni takomillashtirish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish orqali sohadagi samaradorlikni yanada oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
Muloqot yakunida demografik siyosat va iqtisodiy rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA