“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!”
Navoiy shahrida turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirokida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi doirasida ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida turizm yarmarkasi tashkil etildi.
Bugungi kunda turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Yurtboshimiz tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, berilayotgan imkoniyatlar va yaratilayotgan sharoitlar natijasida Navoiy viloyatida ham turizm jadal rivojlanayotgan sohalardan biriga aylanib bormoqda.
Viloyatda 60 ta turkompaniya faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, joylashtirish vositalari soni 219 taga, ulardagi o‘rinlar soni esa 6569 taga yetkazildi.
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatga 37,5 ming nafar xorijiy va 235,7 ming nafardan ortiq mahalliy sayyoh tashrifi kuzatildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev. – 2023-yilda Turizm xizmatlari eksporti 39,5 million dollarni tashkil qilib, 2017-yilga nisbatan 24 baravarga oshgan. Joriy yilning uch oyi mobaynida 15 ta joylashtirish vositasi tashkil etilib, ularning 8 tasi mehmonxona, 3 tasi oilaviy mehmon uyi, 2 tasi xostel hamda 2 tasi o‘tovli oromgoh hisoblanadi. 8 ta turkompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 10 ta yangi turmarshrut ishlab chiqildi.
2023-yilning 29-mart kuni Prezidentimiz rahbarligida turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish, turizm sohasiga berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlangan holda Navoiy viloyatiga Samarqand iqtisodiyot va servis instituti biriktirilib, hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berilgan edi.
[gallery-16670]
– Prezidentimiz turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish, bugungi kunda turizm sohasiga berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish, har bir viloyatning turizm xalqasi mavjud bo‘lishi zarurligini ta’kidlagan edi, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti turizm kafedrasi o‘qituvchisi Anvar Karimov. – Amaliyotchilar, ilm-fan, innovatsiya, xullas, mutasaddi soha vakillari bilan birgalikda turizm salohiyati katta bo‘lgan Navoiy viloyatida turpaket va mashrutlarni ishlab chiqdik. Qariyb 340 km masofada 60 ta obyektdan iborat 14 ta turizm marshrutini o‘z ichiga olgan Navoiy “turizm xalqasi” yaratildi. “Turizm xalqasi” viloyatning Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana, Qiziltepa tumanlarini qamrab olgan. Ayni paytda Xatirchi tumanidagi ham tarixiy, ham tabiati ajoyib Sangijumon, Angidon, Oltinsoy, Maydonsoy, Navbahor tumanidagi Sarmishsoy, o‘z qadriyatlariga ega bo‘lgan Nurota tumanidagi Sentobsoy mahalliy va xorijlik sayyohlar e’tiborini tortadigan joylar hisoblanadi. Institutimiz olimlari hududning turizm obyektlari tarixini o‘rganib, ular to‘g‘risidagi kontentni boyitish maqsadida ilmiy xulosalar tayyorlashdi.
Navoiy viloyatining Nurota, Xatirchi va Qiziltepa hududlari bo‘yichi 3 ta xalqaro “Navoiy – Buyuk ipak yo‘lining maftunkor chorrahasi”, “Aydarko‘l – sahro mo‘jizasi” va “Nurota – tarix va tabiat uyg‘unlashgan maskan”, 3 ta mahalliy “Qiziltepa – Sahroning qadimgi darvozasi”, “Xatirchi – tabiat mo‘jizalariga boy maskan” va “Ko‘hna Navoiyning sahro mo‘jizalari” deb nomlangan turistik paketlar ishlab chiqildi.
Yakunlangan yilda umumiy qiymati 138 milliard so‘mlik 44 ta loyiha ishga tushirilib, ular hisobiga 431 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Yarmarka doirasida viloyat bo‘ylab ichki turizm oqimini oshirish bilan bir qatorda korxona va tashkilotlar xodimlari bilan turoperatorlik kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari