O‘zbek tili atrofidagi do‘stlik davrasi
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Milliy madaniy markazlar pavilonida «O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!» shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ushbu tadbir turli millat vakillarini bir davraga jamladi.
Bayramga tashrif buyurgan mehmonlar dastlab Milliy madaniy markazlar pavilonidagi milliy uylar bilan tanishib, turli xalqlarning urf-odatlari, madaniyati va an’analari haqida tasavvurlarini boyitdilar. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalari ko‘rgazmasi, o‘zbek tili va millatlararo munosabatlarga bag‘ishlangan videoroliklar namoyishi tadbirning ma’rifiy ahamiyatini oshirdi. Milliy liboslarda mehmonlarni kutib olgan yoshlar, karnay-surnay sadolari va milliy kuylar esa bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi hamda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Ta’kidlanganidek, o‘zbek tili mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarini umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan, o‘zaro muloqot va madaniy aloqalarni mustahkamlaydigan muhim vositadir. Davlat tilini hurmat qilish, uni o‘rganish va qadrlash orqali insonlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik ham yanada ortadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar uchun o‘zbek tiliga oid qiziqarli viktorinalar tashkil etildi. Savol-javoblarda turli millat vakillari o‘zbek tili bo‘yicha bilimlarini sinab, faollik ko‘rsatdilar. G‘oliblarga o‘zbek tiliga oid kitoblar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayramning badiiy qismida «O‘zbek tiliga bag‘ishlangan eng yaxshi she’r ijrochisi» hamda «O‘zbek tilida ijro etilgan eng yaxshi qo‘shiq» tanlovlari g‘oliblari taqdirlandi. Ular tomonidan ijro etilgan she’rlar va qo‘shiqlarda ona tiliga muhabbat, uning jozibasi va boy imkoniyatlari namoyon bo‘ldi. Bunday tanlovlar yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tiliga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Bayram dasturi estrada xonandalari va milliy madaniy markazlarning havaskor jamoalari ishtirokidagi konsert bilan davom etdi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar Vatanga muhabbat, tilga ehtirom, do‘stlik va hamjihatlik tuyg‘ularini tarannum etdi.
Darhaqiqat, bir yurtda turli tillarda so‘zlashadigan insonlar yashashi mumkin, ammo ularni umumiy Vatanga muhabbat, o‘zaro hurmat va ezgu maqsadlar birlashtiradi. «O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!» shiori ostidagi ushbu tadbir ham davlat tiliga bo‘lgan ehtiromni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim ma’naviy qadam bo‘ldi.
[gallery-32072]
Nigora Rahmonova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA