Prezident tashabbusi: jadidlar avlodlari birlashdi (+video)
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "Jadidlar avlodlari uchrashuvi" umummilliy ilmiy-ma’rifiy yig‘ini bo‘lib o‘tdi.
Unda jadidchilik harakatining taniqli namoyandalari avlodlari, tarixchi olimlar, tadqiqotchilar va ziyolilar ishtirok etib, milliy uyg‘onish davrining murakkab sahifalari, ma’rifatparvar ajdodlarimizning fidoyiligi va ulardan qolgan boy ilmiy-ma’naviy merosni asrab-avaylash masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda oilaviy xotiralarni ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirish, tarixiy hujjatlarni saqlash va jadidlar g‘oyalarini zamonaviy avlodga yetkazishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Markaz hamkorligida tashkil etilgan anjuman milliy tariximizni chuqur o‘rganish, jadidchilik harakati namoyandalari xotirasini e’zozlash va ularning avlodlari bilan ilmiy jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
”Jadidlar avlodlari uchrashuvi” umummilliy ilmiy-ma’rifiy yig‘ini jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyatini yanada chuqur anglash, oilaviy xotiralar va akademik tadqiqotlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tarixiy manbalarni saqlash va ularni ilmiy muomalaga kiritish masalalarini birgalikda muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.
Anjuman doirasida bildirilgan fikrlar va ilgari surilgan tashabbuslar jadidshunoslik tadqiqotlarini rivojlantirish, tarixiy hujjatlarni raqamlashtirish, avlodlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ma’rifatparvar ajdodlar merosini zamonaviy usullarda targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatdi.
M.Turdaliyeva, D.Yakubov,
S.Obidjonov. O‘zA