
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi o‘simliklar genomi bilan bog‘lik halqaro zamonaviy ilmiy izlanishlar olib borish va ularni tatbiq qilish bilan shug‘ullanadi.
Markaz faoliyati, u yerda olib borilayotgan so‘nggi ilmiy yangiliklar bilan yaqindan tanishish maqsadida OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari ham ishtirok etdi.
Mazkur press-tur Markaz laboratoriyalari faoliyati va ish jarayonini bevosita kuzatish, sohadagi yangi ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish hamda olimlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini berdi.
Markazda personallashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy ishlar olib boriladi.
Bugungi kunda Markazda 6 ta laboratoriya, Personallashtirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘rganish bo‘limi, shuningdek, zamonaviy ilmiy usullar va asbob-uskunalardan foydalanib genetik o‘zgartirilgan organizmlar va ularning mahsulotlarini test qilish maqsadida Milliy muvofiqlashtirish markazi bo‘limi faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari OAV vakillari Toshkent viloyatida joylashgan maxsus urug‘chilik xo‘jaligi, issiqxona, fitatron hamda germoplazma noyob ob’ektlarida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z9b3z2LeaLw" title="Oʻzbek olimlari oʻsimliklar dunyosini oʻrganmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova, A.Mamadaminov (surat), A.Sodiqov (video), U.To‘xtayev (montaj), O‘zA