O‘zbek ilmiy tafakkurini aks ettiruvchi ko‘zgu
Mamlakatimiz adabiy hayotini tahlil va tadqiq etishda “Adabiy meros” jurnalining ahamiyati beqiyos.
Yaqinda ushbu jurnalning 2026-yilgi ilk soni bosmadan chiqdi. Unda qanday materiallar, tadqiqotlar adabiyot muxlislariga taqdim etilgan?
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi doktoranti Dilnoza Rustamova bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

- Darhaqiqat, yaqinda “Adabiy meros” jurnalining yangi soni nashrdan chiqdi. Ushbu jurnal filologiya sohasidagi akademik an’analarni zamonaviy dunyo tajribasi bilan birlashtirish, adabiyot tarixidagi murakkab va bahsli nuqtalarga oydinlik kiritishga intilayotgan ilmiy nashrlardan biri hisoblanadi.
Uning 2026-yilgi ilk soni ham sohadagi dolzarb savollarga ilmiy yechim izlagan jonli muloqot maydonini yaratib berdi, deyish mumkin.
Jurnalning ushbu soni turkiy adabiyotning daho shoiri – Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan salmoqli maqolalar bilan boshlangan. Ayniqsa, taniqli akademik Aleksandr Kudelinning Navoiyni o‘zbek adabiyotining asoschisi sifatida talqin etuvchi maqolasi jahon sharqshunosligining tan olingan qarashlarini yana bir bor mustahkamlaydi.
Qolaversa, Yaqin va O‘rta Sharqdagi o‘rta asrlar adabiy jarayoni haqidagi umumiy tasavvurlarga muayyan tuzatishlar kiritish imkonini beradi.
Jurnalning ilmiy salmog‘ini undagi mualliflar tarkibi va mavzular ko‘lami belgilab bergan. Xususan, professor Dilmurod Quronov “O‘tkan kunlar” nashrlari va undagi matn muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotida romanning faqat birinchi nashriga tayanib chop etish amaliyotini tanqid qilib, asarning mukammal ilmiy-tanqidiy matnini yaratish zarurligini ta’kidlaydi.
“Oltin beshik” rukni ostida jahon folkloristikasining yirik vakili Vladimir Proppning “Mo‘’jizaviy tug‘ilish motivi” haqidagi qarashlari berilgani nashrning ilmiy saviyasini xalqaro miqyosga ko‘taradi. Bu esa o‘zbek folklorshunosligini jahon ilmiy kontekstida tahlil qilish uchun yangi eshiklarni ochadi.
Akademik To‘ra Mirzayevning milliy folklorshunoslik maktabi shakllanishidagi o‘rnini yorituvchi Munisjon Hakimovning maqolasi sohaning kechagi kuni va bugungi avlodlar davomiyligini bog‘lovchi ilmiy ko‘prikdir.

Jurnaldagi salmoqli tadqiqotlardan yana biri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning “Yaldo kechasi” romani tahliliga bag‘ishlangan. Professor Jabbor Eshonqulov asarni o‘zbek adabiyotidagi yangilanish jarayonlarining asosi va milliy ruhning badiiy talqini sifatida e’tirof etadi. Uning jahon adabiyoti andozalari darajasidagi yuksak badiiy xususiyatlarini ochib beradi.
Umuman olganda, “Adabiy meros” jurnalining 2026-yilgi 1-soni navoiyshunoslik, manbashunoslik, jadid adabiyoti, folklor, tilshunoslik va hozirgi adabiy jarayon haqida o‘zbek ilmiy tafakkurini aks ettiruvchi ko‘zgu bo‘ldi.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.