Festival haqiqiy xalq bayramiga aylandi
Yangi O‘zbekistonda Navro‘z bu shunchaki fasllar almashinuvini nishonlaydigan bayram emas, balki inson qadrini ulug‘lash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan yuksak ma’naviy ahamiyatga ega ulug‘ ayyomdir. U xalqimizning ko‘p asrlik an’analari, urf-odatlari va ezgu orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan holda, jamiyatda yangilanish va yuksalish ruhini qaror toptiradi.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham ushbu qutlug‘ bayram ko‘tarinki ruhda, keng qamrovli tadbirlar bilan nishonlandi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida tashkil etilgan “Navro‘z sayli” festivali haqiqiy xalq bayramiga aylandi.
Tumanning “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Yoshlar bog‘i”da ziyolilar, san’at ahli, yoshlar va turli millat vakillari jam bo‘lishdi. Milliy liboslar jilosi, madaniyatlar uyg‘unligi, xalqona qo‘shiq va raqslar, samimiy tabassumlar va mehmondo‘stlik an’analari bayramga alohida fayz bag‘ishladi. Har bir ishtirokchi ushbu muhitda o‘zini bir oila a’zosidek his etdi.
[gallery-28402]
Festival doirasida xalq amaliy san’atining nodir namunalari keng namoyish etildi. Rassomchilik asarlari, milliy kashtachilik buyumlari, hunarmandchilik mahsulotlari nafaqat mahalliy aholi, balki mehmonlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ularda xalqimizning yuksak didi, mehnatsevarligi va bebaho merosi o‘z aksini topgani barchani mamnun etdi.
Shuningdek, sport musobaqalari va ko‘rgazmali chiqishlar bayramga alohida shukuh bag‘ishladi. Yoshlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, shijoati va intilishlari bilan sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishlari yuqori ekanini namoyon etishdi.
Sayl davomida turli millat va elat vakillarining bir sahnada, bir maydonda birlashib, bayramni birgalikda nishonlashi yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Shubhasiz, bunday bayramlar xalqimizni yanada birlashtiradi, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, Navro‘z — bu yangilanish, ezgulik va umid bayrami sifatida har bir yurakda yorug‘ orzular uyg‘otib, yurtimizni yanada ravnaq topishiga xizmat qilaveradi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari