Do‘stlik, hamjihatlik, san’at oqshomi
Mamlakatimizda do‘stlik, hamjihatlik va san’at bayrami sifatida o‘tkazilayotgan “Tojikiston madaniyati va kino kunlari” doirasida Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyida qardosh xalq san’atkorlari ishtirokida katta konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konsertga san’at muxlislari, ijodkor ziyolilar, milliy madaniyat markazlarining faollari, talaba-yoshlar, turli millat va elat vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Murodjon Majidov, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon bugungi kunda xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqani, bunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuv va muloqotlar muhim asos bo‘lib xizmat qilayotganini e’tirof etdi.
Tojik musiqiy san’ati qardosh xalqning asrlar osha shakllangan qadimiy an’analarini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatli. Konsert davomida tojik milliy musiqasining betakror namunalari san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etildi.

Ushbu konsert dasturi san’at chegara va sarhad bilmasligi, xalqlarimiz azaldan tinchlik, taraqqiyot, do‘stlik va hamjihatlikdek ulug‘vor g‘oyalar yo‘lida hamqadam, hammaslak bo‘lib kelayotganini yana bir karra namoyon etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA