"Oydin gurunglar - 2026": san’at, adabiyot va ma’rifat hamohangligi
San’at va adabiyot xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrash va yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim o‘rin tutadi. Ijodkorlarni birlashtirish, avlodlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish hamda milliy madaniyatni dunyoga tanitishga qaratilgan "Oydin gurunglar - 2026" xalqaro ijodiy forumi ham ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Toshkentda boshlangan forum 22-oktabr kuni Xivadagi "Arda Xiva" majmuasida davom etdi. Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda inson salohiyatini rivojlantirish, adabiyot va san’atni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bunday tashabbuslar nafaqat ijodiy muhitni boyitish, balki yoshlarning ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.
Forumning o‘ziga xos jihati shundaki, unda turli san’at yo‘nalishlari yagona dastur doirasida birlashtirilgan. Xususan, tasviriy san’at, teatr, fortepiano ijrochiligi, adabiyot, noshirlik va liboslar dizayniga bag‘ishlangan tadbirlar jamlangan. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya teatr jamoalarining spektakllari namoyishi, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, mushoiralar va konsertlar esa ishtirokchilarga turli ijodiy maktablar bilan tanishish, tajriba almashish va yangi g‘oyalar ustida fikr yuritish imkonini berdi.
Forumning adabiyot va san’at namoyandalarini bir davraga jamlashi, ijodkorlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashi ham uning muhim jihatlaridan biridir. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, shoir G‘ayrat Majidning ta’kidlashicha, "Oydin gurunglar" milliy adabiyot va san’atni targ‘ib etish, ijod ahli o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

- Bugun "Oydin gurunglar" deb nomlangan juda ajoyib forumda jam bo‘lib turibmiz. Bu yerda ustozlar suhbatlari, go‘zal mushoiralar, aktyorlarimiz va sahna ustalarining chiqishlaridan bahramand bo‘lamiz, rassomlarimizning ijodiy ishlari bilan tanishamiz. Umuman olganda, bu - adabiyot, san’at va madaniyat bayrami. Bunday uchrashuvlar ijod ahlini bir davraga jamlashi, ustozlar tajribasini o‘rganish, adabiyot va san’atning bugungi rivojini muhokama qilish hamda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarni mustahkamlashi bilan ahamiyatli, - dedi u.
Darhaqiqat, forum dasturidan o‘rin olgan adabiy suhbatlar, mahorat darslari va ko‘rgazmalar ana shu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan. Tasviriy san’at yo‘nalishida esa ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari va rassomlik asarlari ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda. Shuningdek, hunarmandchilik mashg‘ulotlari, liboslar namoyishi hamda Xorazm yosh rassomlari kartinalari asosida yaratilgan "Daryo" immersiv ko‘rgazmasi ishtirokchilar e’tiboriga havola etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Azizbek Imomov forumning ijodiy muhitni boyitish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
- Bu forumni katta san’at bayrami, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dastlab poytaxtimizdagi nodavlat teatrlar festivalini tashkil etish g‘oyasidan boshlangan tashabbus bugun turli ijodiy yo‘nalishlarni qamrab olgan yirik xalqaro forumga aylandi. Uning asosiy maqsadi ijodkorlarni birlashtirish, ular o‘rtasida tajriba almashish va yangi loyihalarga yo‘l ochishdir.

Forum doirasida Erkin A’zam, Usmon Azim, Bahodir Jalolov, Fayzulla Ahmadaliyev kabi taniqli ijodkorlar bilan uchrashuvlar, adabiy suhbatlar va mahorat darslari o‘tkazilishi yosh ijodkorlar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib, ularga ustozlar bilan muloqot qilish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash imkonini beradi.
Forumning yana bir muhim jihati esa xorijiy ijodkorlarning ishtiroki. Bu tadbirning xalqaro maqomini mustahkamlash bilan birga, turli mamlakatlar vakillari o‘rtasida madaniy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va ijodiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Bunday tashabbuslar milliy san’atimizni xalqaro miqyosda namoyon etish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va yangi ijodiy g‘oyalarni ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi, - dedi A.Imomov.
Forumda ijodiy yo‘nalishlar bilan bir qatorda, kitobxonlikni ommalashtirish va aholining ma’rifiy salohiyatini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan tashabbuslardan biri "Mahalla kutubxonasi" loyihasidir. U mahallalarda kitob mutolaasi uchun qulay sharoit yaratish, aholining adabiyotga qiziqishini oshirish va kitobxonlik muhitini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Markaziy bank axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur loyiha 2023-yilda Buxoro viloyati Olot tumanidagi Muxtor mahallasida ilk kutubxona ochilishi bilan boshlangan. Xalq banki homiyligida yo‘lga qo‘yilgan tashabbus keyinchalik boshqa tijorat banklari ko‘magida Toshkent shahri va mamlakatning turli hududlarida ham kengaydi. Bugungi kunda loyiha doirasida 140 ta mahalla kutubxonasi faoliyat yuritmoqda. Har bir kutubxonada o‘rtacha mingdan ortiq kitob mavjud. Ayni vaqtda kitob fondlarini inventarizatsiya qilish va raqamlashtirish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

Kitobxonlikni rag‘batlantirish bilan birga, aholining iqtisodiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ham ilgari surilmoqda. Shulardan biri "Moliyaviy bilimlar" to‘plami bo‘lib, u xorijiy iqtisodiy adabiyotlarni o‘zbek tilida o‘qish imkoniyatini kengaytirish maqsadida tayyorlangan. "Bank va ma’rifat" forumida ilgari surilgan xorijiy 10 ta asarni tarjima qilish va nashr etish tashabbusi asosida yaratilgan to‘plamdan Adam Smitning "Xalqlarning boyligi" va Milton Fridmanning "Kapitalizm va erkinlik" asarlari ham o‘rin olgan.
Forum doirasidagi tadbirlar nafaqat ijodiy muloqot va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, balki ma’rifatni keng targ‘ib etishga ham xizmat qiladi. Ishtirokchilar uchun Xiva tarixi va madaniy merosi bilan tanishish imkoniyati yaratilgani esa tadbirning mazmunini yanada boyitdi. Xususan, "Ichan qal’a" bo‘ylab uyushtirilgan ekskursiya davomida xorijiy mehmonlar qadimiy me’moriy yodgorliklar, Xorazm tarixi va boy madaniy an’analari haqida kengroq tasavvurga ega bo‘ldi.
Umuman olganda, "Oydin gurunglar" xalqaro ijodiy forumi adabiyot, san’at va ma’rifatni birlashtirgan, ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va milliy madaniyatimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qilayotgan muhim maydon sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Eslatib o‘tamiz, "Oydin gurunglar - 2026" xalqaro ijodiy forumi 25-oktabr kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA