Marg‘ilonda adabiy do‘stlik va kitobxonlik bayrami (+video)
Marg‘ilon shahrida «Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik» shiori ostida xalqaro adabiyot va kitobxonlik festivali o‘z ishini boshladi.
Adabiyot ixlosmandlari, shoir va yozuvchilar, tarjimonlar, olimlar, noshirlar hamda kitobxonlarni bir davraga jamlagan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir xalqlar o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlash, milliy adabiyotlarni keng targ‘ib etish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Uning ishida Rossiya, Amerika, Turkiya kabi Yevropa va Osiyoning 30 ga yaqin mamlakatlaridan kelgan yozuvchi va shoirlar ishtirok etmoqda.

– Festivalning bosh g‘oyasi – adabiyot orqali xalqlarni yaqinlashtirish, turli millat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashdir, – dedi tadbirni ochib berar ekan viloyat hokimining o‘rinbosari Sherzod Polvonov. – Zero, badiiy adabiyot inson qalbiga yo‘l topadigan, turli til va madaniyat egalarini mushtarak qadriyatlar atrofida birlashtiradigan beqiyos ma’naviy kuchdir.
Shundan so‘ng Festival ishtirokchilari “Vodiy gavhari” – “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy- ma’rifiy va turizm majmuasida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.
Bugungi globallashuv davrida kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish, ularning badiiy tafakkuri va dunyoqarashini boyitish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, xalqaro festival ijod ahli va kitobsevarlar o‘rtasida fikr almashish, yangi adabiy tashabbuslarni ilgari surish, xalqlar adabiyotining eng yaxshi namunalarini keng targ‘ib qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar har bir kitob rastasi yonida to‘xtar ekan, o‘zaro bahs va muloqotga kirishdilar. Adabiy hamkorlikni rivojlantirish, asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish, milliy adabiyotlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarda fikr almashdilar.
Festival “Mirzakarim Qutidorning ramziy hovlisi” da she’rxonlik bilan davom etdi.
Marg‘ilonda boshlangan mazkur festival adabiyotning chegara bilmas kuchini yana bir bor namoyon etib, qalblarni qalblarga bog‘laydigan, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tashi bilan ahamiyatlidir.

Chunki adabiy do‘stlik bu nafaqat ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlik, balki xalqlarning bir-birini anglashi, qadriyatlarini hurmat qilishi va kelajakka hamjihatlikda intilishi hamdir. «Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik» shiorida mujassam bo‘lgan ana shu ezgu g‘oya festivalning asosiy mazmun-mohiyatini belgilaydi.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA