Jizzax viloyati Forish tumanidagi Nurota tog‘ etaklarida joylashgan “O‘xum” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Asraf, Mojrum, Hayot kabi qishloqlar tabiatining betakror go‘zalligi bilan diqqatga sazovor.
Ayniqsa, chetdan kelgan kishini bu yerdagi biologik xilma-xillik o‘ziga rom etmay qo‘ymaydi. Mahalliymi, xorijiy sayyohmi, bu joylarga bir kelsa bas, qayta-qayta kelgisi kelaveradi.
Sayyohlarning oqimi haqida gap ketganda, Jizzax viloyatiga joriy yil davomida 500 ming nafar xorijiy, 2 million nafar mahalliy sayyoh tashrifi va 75 million AQSH dollari miqdorida turizm xizmatlari eksportini amalga oshirish belgilanganligini qayd etish lozim.
Soha mutasaddilarining ta’kidlashicha, 2025 yilning birinchi choragi davomida viloyatga Rossiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston mamlakatlaridan jami 129 ming 320 nafar yoki yillik rejaga nisbatan 26 foiz xorijiy sayyohlar tashrifi kuzatilgan.

Shuningdek, joriy yilning 1 may holatiga Jizzax vohasiga Sirdaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 617 ming nafar mahalliy sayyoh tashrifi kuzatilib, bu ko‘rsatgich yillik rejaga nisbatan 31 foizni tashkil etibdi.
Yilning birinchi choragi davomida viloyatga tashrif buyurgan jami 746 ming 200 nafar xorijiy va mahalliy sayyoh hisobiga turizm xizmatlari eksporti 19 million 300 ming AQSH dollari miqdorida, ya’ni yillik rejaga nisbatan 26 foizga uddalangan.
Bu ko‘rsatgichlarning to‘rtdan bir qismi Forish tumanining hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, bunda tumandagi “O‘xum” mahalla fuqarolar yig‘inida turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ham munosib hissasi bor.
Tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan “O‘xum” MFY hududidagi Hayot qishlog‘ida yashovchi Narzullo Musayev o‘z ishini 2016 yilda ikki xonadan iborat uy mehmonxona ochib, sayyohlarga xizmat qilishdan boshlagan edi.

Izlanuvchan bu tadbirkor yigit Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi ko‘hna va hamisha navqiron shaharlarga borib, turizm sohasi tadbirkorlari uchun tashkil etilgan bir qator seminarlarda qatnashdi, turistlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malakasini oshirdi. Ingliz va rus tillarini yaxshilab o‘rgandi.
Izlanganga tole yor, deb bejizga aytishmagan. Bugun Musayevlar oilasining farzandlari ham ingliz tilini yaxshigina o‘zlashtirib olishgan. Sayyohlarga yo‘lboshlovchilik xizmati ko‘rsatayotgan, yon qo‘shnisi bo‘lgan Narzulloning jiyanlari ham ingliz tilini yaxshi bilishadi.
Davlatimiz rahbari 2022 yil 27 yanvarda “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolangandi. Ushbu qaror doirasida tadbirkorlarimiz uchun bir qator imkoniyatlar belgilab qo‘yilgan va ular uchun imtiyozli kreditlar berilishi aniq ko‘rsatilgan. Ana shu imkoniyatlardan foydalangan tadbirkor Narzullo Musayev bankdan imtiyozli kredit olib, faoliyatini yanada kengaytirdi. Natija o‘ylaganidan ham ziyoda bo‘ldi. Xorijlik mehmonlarning didini hisobga olib, uy mehmonxonasini zamonaviy tipda qayta qurib, jihozladi. Hozir Narzullo Musayevning “Hayat Guyetshousye” uy mehmonxonasini xorijlik turoperatorlar ham juda yaxshi biladi.
– Hayot qishlog‘idagi “Hayat Guyetshousye” mizga kelayotgan mehmonlarning asosiy qismini yevropaliklar tashkil etadi, – deydi tadbirkor Narzullo Musayev. – Ularni nafaqat qishlog‘imizning betakror tabiati, balki, xalqimizning urf-odatlari, milliy an’ana va taomlari, turmush tarzi ham juda qiziqtiradi. Shuning uchun mehmonxonamizni jihozlashda, milliy taomlarimizni tayyorlash va xizmat ko‘rsatishda sayyohlarga milliylikni namoyish etishga alohida e’tibor qaratganmiz.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan xorijiy mamlakatlarda yurtimizning sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonning turizm elchisi lavozimi joriy etilgan. Angliyada faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson xonim Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Sardor Shukurullayev hamrohligida o‘tgan oyda navbatdagi sayyohlar guruhi bilan birga Forish tumaniga kelishdi. Xorijlik mehmonlar tumanning sayyohlik ob’ektlari, xususan, tabiiy go‘zallikka boy hududlari va tarixiy yodgorliklari bilan tanishish doirasida Hayot qishlog‘idagi Narzullo Musayevning ham turizm maskanida bo‘lishdi.
O‘sha uchrashuv davomida Buyuk Britaniyaning turizm elchisi tomonidan 2025 yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida Buyuk Britaniyadan ming nafar atrofida turist jalb etilgani va joriy yilda yana 1300 nafardan ortiq ingliz sayyohlari O‘zbekistonga, shu jumladan, Forish tumaniga ham kelishi rejalashtirilgani ma’lum qilingan va muloqotda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi ushbu tashrifi Jizzax viloyati va, xususan, Forish tumani “O‘xum” MFY Hayot qishlog‘idagi Narzullo Musayevdek tadbirkorlar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlari ochishini ta’kidlagan edi.
Sofi Ibbotson xonimning ma’lum qilishicha, bugun xorijiy sayyohlarni jalb etish yuzasidan imzolangan hamkorlik memorandumiga asosan Jizzax viloyatining turizm salohiyati Buyuk Britaniyada keng targ‘ib qilinayotgan ekan.
Ayni paytda “O‘xum” MFYda xalqaro talablarga javob bera oladigan 3 ta oilaviy mehmon uyi tashkil etilgan. Bugun ana shu mehmon uylarini, jumladan, Naruzullo Musayevning “Hayat Guyetshousye”ni ham Angliyada yaxshi bilishadi. Lekin hozircha O‘xumga "turizm mahallasi" maqomi berilganicha yo‘q. Umid qilamizki, O‘xum tez orada ushbu maqomga ega bo‘ladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri