Ostonadagi xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston avtosanoati ham namoyish etilmoqda
Shu kunlarda Qozog‘iston poytaxtida “Comtrux Astana 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. E’tiborlisi, unda “Made in Uzbekistan” brendi ostida yurtimiz korxonalari ham ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, ushbu nufuzli tadbir Markaziy Osiyoda tijorat transporti hamda yo‘l logistikasi bo‘yicha yechimlar uchun yetakchi platforma hisoblanadi. Ko‘rgazmada avtomobilsozlik, xususan, motorli transport vositalari va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi jami 230 dan ziyod korxonalar ishtirok etyapti.

Muhim jihati, bu yilgi tadbirda avtomobilsozlik va ishlab chiqarishda yuksak salohiyatga ega ikkita mamlakatning milliy paviloni ‒ O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi mahsulotlari alohida diqqat markazida bo‘lmoqda.
“Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ asosiy tashkilotchilardan biri sifatida mamlakatimizdan 5 ta yirik avtosanoat sub’ektlari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishlari uchun barcha sharoitni yaratdi. Jumladan, delegatsiyamiz tarkibidan asosiy ishlab chiqaruvchilar ‒ “SamAuto”, “UzAutoTrailer”, “Krantas”, “UzAuto Motors” va “JAZ” korxonalari o‘rin olgan.
Ushbu korxonalar ixtisoslashgan holda butlovchi yoki ehtiyot qismlari ishlab chiqarishdan yiliga 2 million dollardan ortiq hamda avtomobillar yoxud tirkamalarni yig‘ish va tayyorlash hisobiga qariyb 480 million dollarlik eksport salohiyatiga ega ekani bilan ajralib turadi.

Umumiy maydoni 8000 kvadrat metr bo‘lgan ko‘rgazma hududining qoq markazida “Made in Uzbekistan” milliy stendi joylashgan bo‘lib, u salkam 540 kvadrat metrni tashkil qiladi.
4000 nafarga yaqin tashrif buyuruvchilarni o‘zida jamlagan tadbirda avtosanoat va asosiy qismlar ishlab chiqarish sohasida qizg‘in muzokaralar, biznes-suhbatlar hamda manfaatli kelishuvlar uchun yaxshigina maydon vujudga keldi.
Mazkur ko‘rgazmada o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning ishtiroki Markaziy Osiyoda kuchayib borayotgan sanoat kooperatsiyasini o‘zida aks ettirib, mamlakatimizning mintaqa bozoridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
M.Komilova, O‘zA