O‘zbekiston avtomobil sanoati so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, ichki ehtiyojni ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish yo‘lida muhim yutuqlarga erishmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki 7 oyida respublikada jami 212 ming 156 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat avtomobil sanoatining o‘sish sur’ati barqarorligini va ichki bozor talabining yuqoriligini ko‘rsatadi.
Ishlab chiqarilgan avtomobillar rusumlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan: Cobalt – 83 ming 167 dona, Damas – 51 ming 587 dona, Tracker– 26 ming 385 dona, Onix – 18 ming 734 dona, KIA – 14 ming 419 dona, Chery – 4 ming 838 dona, Haval – 4 ming 425 dona, BYD – 8 ming 601 dona va maxsus yengil avtomobillar - 28 ming 951 dona.

Cobalt avtomobillari uzoq yillardan beri O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlab kelmoqda. Uning nisbatan arzonligi, texnik xizmat ko‘rsatish qulayligi va ehtiyot qismlarining mavjudligi modelni ommabop saqlab turibdi. 2025 yilning dastlabki yarmida ushbu model umumiy ishlab chiqarish hajmining qariyb yarmini tashkil etadi.
Mahalliy transport vositasi sifatida mashhur bo‘lgan Damas avtomobillari kichik biznes va shaxsiy ehtiyojlar uchun qulay transport vositasi bo‘lib qolmoqda. U ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallagan.
So‘nggi yillarda ishlab chiqarila boshlangan Chevrolet Tracker va Onix modellari zamonaviy dizayni, xavfsizlik tizimlari va tejamkor dvigateli bilan iste’molchilarning e’tiborini qozondi. Ularning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, ayniqsa Tracker’niki, bu modellar kelajakda ham bozorda mustahkam o‘rin egallashini ko‘rsatmoqda.
KIA va Xitoy avtomobil gigantlari BYD, Chery va Haval’ning mahalliy ishlab chiqarishga kirib kelishi avtomobil bozoridagi raqobatni kuchaytirdi. Xususan, BYD elektromobillar sohasida faol ilgari surilmoqda va 8 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgan. Bu esa O‘zbekistonning elektromobil sanoatiga qadam qo‘yayotganini bildiradi.
Ishlab chiqarish hajmining ortishi faqatgina bozor talabining oshganidan dalolat bermaydi, balki mahalliylashtirish darajasining ortib borayotganini ham ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar avtomobillarning ko‘proq qismini o‘zida tayyorlashga e’tibor qaratmoqda. Bu esa importga bog‘liqlikni kamaytirib, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda avtomobil sanoati nafaqat ichki bozorni to‘ldirish, balki global avtomobil zanjirida o‘z o‘rniga ega bo‘lish sari harakat qilmoqda. Raqobatbardosh modellar, xorijiy sarmoyalar, mahalliylashtirish jarayonining jadallashuvi va elektromobil yo‘nalishidagi strategik qadamlar ushbu sanoatning kelajagini istiqbolli qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA