Avtomobilsozlik ko‘rgazmasi milliy sanoat zanjirlarini belgilaydi
Jizzaxda joriy yilning 29-30-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan avtomobilsozlik sanoati sohasidagi “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish uchun muhim muloqot maydoniga aylanadi.
Tadbirning Jizzaxda o‘tkazilishi bejiz emas. Bugun viloyatda avtomobilsozlik sanoatining qator yirik korxonalari faoliyat yuritmoqda. Xususan, “ADM Jizzakh”da Kia Sonet va Kia K3 avtomobillari, shuningdek, avtomobil kuzov qismlari, shtamplangan detallar, bamperlar, eshik qoplamalari, konsol, reyling va o‘rindiqlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. “BYD Uzbekistan Factory”da esa elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi ma’lumot bergan.

Zamonaviy avtomobilsozlik bu faqat tayyor avtomobil emas. Uning ortida metall, plastmassa, rezina, elektr jihozlari va boshqa ko‘plab butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi korxonalarning yaxlit zanjiri bor. Ko‘rgazmaning muhim vazifasi ana shu zanjirda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirishdan iborat.

“Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, mamlakatning 14 ta hududidan avtomobilsozlik tizimi korxonalariga 5029 turdagi mahsulot bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan 361 ta mahalliy yetkazib beruvchi korxona tahlil qilingan. Ular orasida avtomobil komponentlari, butlovchi va ehtiyot qismlar, elektr jihozlari, plastmassa va rezina buyumlar, metall va quyma detallar ishlab chiqaruvchilar bor. Ko‘rgazma ularni tarmoq korxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash uchun amaliy maydon vazifasini o‘taydi.
E’tiborli jihati, tadbirda hozir import qilinayotgan ehtiyot va butlovchi qismlar hamda agregatlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilinadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan “ofteyk” shartnomalar va memorandumlar tuzish rejalashtirilgan.

Bu jarayonda elektron kooperatsiya mexanizmlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari, texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlarini elektron kooperatsiya portalida joylashtirish buyurtmachi va ishlab chiqaruvchi o‘rtasidagi aloqani kengaytirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazmada mahsulot ishlab chiqarish bilan bir qatorda uning sifati va raqobatbardoshligi masalasiga ham e’tibor qaratiladi. Sertifikatlashtirish, sifat standartlarini joriy etish va davlat xaridlarida ishtirok etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatuvchi tashkilotlar maxsus axborot maydonlarida ishtirok etadi.

Avtomobilsozlikning kelajagi esa zamonaviy texnologiya va malakali kadrlar bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois ko‘rgazma doirasida oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar bilan ta’lim, dual ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolanishi ko‘zda tutilgan. Elektromobil komponentlari, akkumulyator tizimlari, yengil materiallar, avtoelektronika, ilmiy-tadqiqot ishlanmalari va sanoat startaplari ham namoyish etiladi.

Jizzaxdagi ikki kunlik ko‘rgazma mahsulotlar namoyishidan ko‘ra kengroq vazifani bajaradi. Unda ishlab chiqaruvchi va buyurtmachi o‘rtasida yangi hamkorlik nuqtalari belgilanib, mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan aniq kelishuvlar uchun zamin yaratiladi. Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha imzolangan xarid va “ofteyk” shartnomalarining tahlil qilinishi esa uning amaliy natijalarini ko‘rsatib beradi.

Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri