Osiyo chempionati O‘zbek boksining yangi avlodi yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi
O‘zbek boks maktabi iste’dodli yoshlari bilan hamisha xalqaro maydonda nom qozonib kelgan.
Bir paytlari katta ringga shiddat bilan kirib kelib, vatanimiz sport sharafini munosib himoya qilgan Karim To‘laganov, Muhammadqodir Abdullayev, Ruslan Chagayev, Sherzod Husanov, Abbos Atoyev, Lazizbek Zokirovlarning g‘alabali yurishini davom ettirgan Hasanboy Do‘smatov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Bahodir Jalolov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Lazizbek Mullajonov singari o‘nlab dongdor bokschilarimizning yangi avlodi bo‘y ko‘rsatayotganligini yaqinda Mo‘g‘ulistonda yakunlangan Osiyo chempionati yana bir karra isbotladi.
Mazkur chempionatda qit’aning 20 dan ziyod davlatidan yosh charm qo‘lqop ustalari g‘oliblik uchun jang olib borgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumiy hisobda 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning shiddatli bahslarida -65 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Farg‘ona davlat universiteti talabasi, 21 yoshli Abdulloh Madaminov tom ma’noda chempionat kashfiyoti bo‘ldi.
Saralash janglarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan Madaminovning dastlabki janglarning birida singapurlik tajribali bokschi Kelan Klarkni uch marta nokdaunga tushirishi Mo‘g‘uliston ringidagi eng shov-shuvli janglaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Iste’dodli bokschimiz Osiyo chempionligi uchun finalda tailandlik Bunjong Sinsiriga qarshi jang qildi.
To‘liq 3 raund davom etgan bahsda hamyurtimiz hakamlarning yakdil qarori bilan 30:27, 30:25, 30:27, 29:27, 29:28 ko‘rinishida, ya’ni 5:0 hisobida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning sharafiga olis Ulan-Batorda O‘zbekiston madhiyasi yangrab, hur bayrog‘imiz sarbaland bo‘ldi.
Ta’kidlaganimizdek, aynan qit’a chempionati yakunlari xalqaro maydonda O‘zbekning yengilmas bokschilarining yangi avlodi Abdulloh Madaminov kabi yoshlar timsolida yetishib kelayotganligini namoyon etdiki, bu oqqan daryo bundan keyin ham o‘z shiddati va viqorini ko‘rsatib oqaverishidan dalolat.
Istagimiz, Farg‘onada kamolga yetib, o‘tgan yillar davomida Islom birdamligi o‘yinlarida, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘oliblikka erishishi ortidan milliy terma jamoada o‘z o‘rnini mustahkamlab kelayotgan Abdullohdek chempionlarimizning muvaffaqiyatli odimi bardavom bo‘lsin.
T. Ro‘ziyev, O‘zA