O‘smirlarimiz Osiyo chempionatida tengsiz bo‘ldi
Toshkent shahri mezbonlik qilgan boks bo‘yicha U15 va U17 yosh toifalaridagi Osiyo chempionati o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kunida 17 yoshgacha bo‘lgan bokschilar qit’a chempionligi uchun jang qildi.
Quvonarlisi, ushbu yosh toifasidagi hamyurtlarimiz 9 ta oltin, 7 ta kumush va 6 ta bronza, jami 22 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa davomida Qumriniso Muhammadova, Mehrimax Qilichova, Karina Ilmuratova, Sohibaxon Xudoyberdiyeva, Kamronbek Bahodirov, Rushen Saydullayev, Bahodir Xoliqulov, Abduvohid Abdumajidov, Ma’rufjon Toshpo‘latov o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Ruxshonabonu Ahadova, Parvina Shakarova, Abdulloh Nuraliyev, Oybek Alimjonov, Abdulbosit Yursunboyev, Ahmadxon Abdusattorov, Samandarbek Umarov kumush, Farangiz Usvaliyeva, Marjona Xudoyberdiyeva, Salomatxon Sardorova, Diyora Bo‘riboyeva, Lobar Shaymanova, Feruzabonu Kamolova bronza medal bilan taqdirlandi.

Mazkur yosh toifasida medal jamg‘arishda qozog‘istonlik bokschilar 8 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza bilan ikkinchi, Hindiston termasi esa 2 ta oltin, 7 ta kumush va 8 ta bronza medal to‘plab, uchinchi o‘rindan joy oldi.
Osiyo chempionati an’anasiga muvofiq musobaqa yakunida U15 va U17 yosh toifalarida “Eng yaxshi bokschi” nominatsiyasi g‘oliblari aniqlandi.
U17 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida ushbu e’tirofga hamyurtimiz Rushen Saydullayev sazovor bo‘ldi. Qizlar o‘rtasida esa Qozog‘iston vakili Ayaulim Ospanova turnirning eng yaxshi bokschisi deb topildi.
U15 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida eronlik Abolfazl Peshenvar, qizlar orasida esa Hindiston sportchisi Sunaina musobaqaning eng yaxshi bokschilari sifatida qayd etildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA