Mashhur tur-bloger, dunyoning 80 dan ziyod mamlakatini kezgan Nosir Al-Ni’maniy ijodiy safar bilan O‘zbekistonga keldi.
Mamlakatimizning O‘mondagi elchixonasi tomonidan uyushtirilgan safar davomida u Toshkent shahri, Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlarida bo‘lib, mamlakatimizning madaniy merosi, tarixiy obidalari, milliy an’analari va xalqimizning samimiy mehmondo‘stligi haqida turkum video materiallar tayyorladi.
– So‘lim tog‘ bag‘rida joylashgan zamonaviy tog‘-chang‘i kurorti – Amirsoy oila, do‘st-birodar yoki hamkorlar bilan maroqli hordiq chiqaradigan maskan ekan, – deydi o‘monlik sayyoh o‘z reportajida. – Yuqori darajadagi infratuzilma, xalqaro standartga javob beradigan trassa dunyoning turli burchaklaridan mazkur qishki sport turi ishqibozlarini jalb eta oladi. Majmua yaqin yillar ichida mintaqa qishki turizm markaziga aylanishi shubhasiz.
Nosir Al-Ni’maniy O‘mon fuqarolari uchun yurtimizda 30 kun vizasiz yurish tartibi joriy etilganidan mamnunligini izhor qildi. Markaziy Osiyo yuragida joylashgan diyorimizning boy sayyohlik salohiyati, madaniy merosi, noyob tabiati va geografik xilma-xilligini e’tirof etdi. Bundan tashqari ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilayotganiga ham urg‘u berdi.
O‘monlik bloger o‘zi tasvirga tushirgan video lavhalarni “Instagram”, “Facebook”, “TikTok” va “YouTube” platformalariga joylashtirdi.
Endi yurtimiz sayyohlik salohiyati va tarixiy merosiga doir ma’lumot oluvchilar soni millionlab kishi hisobiga ko‘payadi. O‘zbekiston turizm salohiyati targ‘ibotini kuchaytirish, O‘mon Sultonligi va boshqa arab mamlakatlaridan yurtimizga sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA