Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega malakali kadrlar tayyorlashga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Avvalo, so‘nggi paytlarda yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyati kengayib borayotgani, oliy o‘quv yurtlari, jumladan, xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari ko‘paygani, oliy ta’limda nodavlat sektori faol rivojlanayotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 13 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 9 tasi davlat oliy ta’lim muassasasidir. Shuningdek, viloyatda to‘rtta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti va ularning filiallari hamda oliy ta’limning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Albatta, viloyatda oliy ta’lim muassasalarining ko‘paygani yoshlarning bugungi kun talablari asosida zamonaviy bilim olishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. O‘z navbatida, oliy ta’lim olishni xohlovchilar soni yil sayin ortib bormoqda.
Buni quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi: Farg‘ona viloyatida 2023/2024 o‘quv yilida OTMga o‘qishga kirish uchun 87 ming 220 nafar abituriyent, jumladan, 1 ming 200 nafar imkoniyati cheklangan yosh onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Test sinovlarida 83 ming 187 nafar abituriyent ishtirok etgan. Tahlillarga ko‘ra, viloyatda abituriyentlarning test sinovlarida bergan to‘g‘ri javoblari soni 31,6 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha respublikada ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumki, butun respublika bo‘yicha test sinovlari natijalari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tahlil qilib boriladi. Bundan tashqari, Agentlik oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarga kirish imtihonlari, shuningdek, bilim va malaka sertifikatlari olish uchun imtihonlar o‘tkazishga mas’ul hisoblanadi. Keyingi yillarda Agentlikning viloyat bo‘limlari faoliyati yuqori bosqichga olib chiqilmoqda.
– Viloyatimizda yoshlarning doimiy imtihonlar topshirishi uchun keng sharoitlar yaratish maqsadida Ekoshahar hududidan 2 gektar yer maydoni ajratilib, bo‘limimiz uchun katta sig‘imli bino va inshootlar qurish ishlari boshlab yuborildi, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Farg‘ona viloyati bo‘lim boshlig‘i Ismoilxon Shokirov. – Binolar bitgach, bir vaqtning o‘zida 1000 nafardan ortiq abituriyent va talabgorning test sinovlarini topshirish imkoniyati yaratiladi. Bu esa faoliyatimizda yanada qulaylik va samaradorlik o‘sishiga zamin yaratadi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘tgan yili mazkur bo‘lim tomonidan ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan 209 nafar farg‘onalik xotin-qiz o‘qishga tavsiya etildi. Besh yildan kam ish stajiga ega bo‘lgan bir guruh ayollar ham oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish test sinovlarini topshirishda tegishli imtiyozlardan foydalandi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri