Nukusda “TalabaExpo – 2026” kasbiy ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “TalabaExpo – 2026” kasbiy ko‘rgazma tashkil etildi. “Kelajakka qadam” dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, ko‘rgazma-yarmarkaning ochilishi munosabati bilan yig‘ilganlarni tabrikladi.
Mazkur ko‘rgazma yarmarkada 212 muassasa va korxona 1 ming 500 dan ortiq ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Shuningdek, yoshlarga o‘zini o‘zi band qilish va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun 100 ga yaqin zarur asbob-uskuna, uy sharoitida biznes boshlash uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit paketlari taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida, tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, ish beruvchilar bilan uchrashuvlar, amaliyot va stajirovka dasturlari bo‘yicha taqdimotlar, startap loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ishtirokchilar “Kelajakka qadam” dasturi asosida imtiyozli kredit olish imkoniyatlari bilan tanishdi hamda biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy treninglar, istiqbolli startap loyihalar taqdimoti hamda “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqotida faol ishtirok etdi.
Shuningdek, “O‘zmilliybank” tomonidan imtiyozli kreditlar va moliyaviy savodxonlik mavzusida seminarlar talaba-yoshlar va bitiruvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, tajribali tadbirkorlar va mutaxassislar ishtirokchilarga tadbirkorlik asoslari, karerani rejalashtirish, shaxsiy brendni shakllantirish, soft skills ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda professional tarmoqlarda faoliyat yuritish maqsadida biznes seminarlari va seminar-treninglar tashkil etildi.
[gallery-30619]
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, islohotlarning ilk kunlaridan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olingan. So‘nggi yillarda bu borada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yigit-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligi, ta’limi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlikni boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi.
Nukus shahrida tashkil etilgan “TalabaExpo – 2026” kasbiy ko‘rgazmasi bitiruvchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, o‘zlarining qiziqishiga qarab kasb tanlash, eng muhimi bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari.