Navoiyda “TalabaExpo – 2026” kasblar ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Navoiy viloyati hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida “TalabaExpo – 2026” kasblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda imtiyozli moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Navoiy viloyatida ham ushbu qaror ijrosi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bitiruvchi talabalar va yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlash, ularni ishga joylashtirish, amaliyot va stajirovka o‘rinlariga yo‘naltirish, shuningdek, ularning startap g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda 100 dan ortiq korxona va tashkilotlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 2025-2026 o‘quv yilida 4 ta oliy ta’lim muassasasini 8 ming nafardan ziyod talaba bitirmoqda. Shu bilan birga, boshqa viloyatlarda tahsil olayotgan 4676 nafar navoiylik bitiruvchilar ham doimiy nazoratga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiy davlat universitetini 2025/2026 o‘quv yilida 4876 nafar talaba tamomlamoqda. Ularning 1942 nafari doimiy ishga joylashgan. Shuningdek, bitiruvchilarning 83 nafari yakka tartibdagi tadbirkor, 663 nafari o‘zini-o‘zi band qilganlar, 737 nafari bola parvarishda, 24 nafari nogironligi bo‘lganlar, 1427 nafari esa ishga joylashish arafasida.
– Samarqand viloyatining Narpay tumanidanman. Bu yil Navoiy davlat universitetining iqtisodiyot yo‘nalishini tamomladim, – deydi Bahora Abduqodirova. – Bugungi kasblar ko‘rgazmasida ishtirok etib, tashkilot va korxonalar tomonidan taqdim etilgan bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdim. Tashkilotlar vakillari bo‘sh ish o‘rinlari bilan batafsil tanishtirishdi. Davlat tashkilotlaridan biriga o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashdim. Bundan juda ham xursandman.
Bugun talaba o‘zi uchun munosib ish o‘rnini tanlash imkoniga ega. “Kelajakka qadam” loyihasi esa yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozori talablariga mos ravishda kasbga yo‘naltirish hamda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyatini yaratib beruvchi loyihalardan biridir.
[gallery-30323]
– “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyat bosh boshqarmasi tomonidan viloyatdagi to‘rtta oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik kelishuvlari imzolangan, – deydi “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyati bosh boshqarmasi “Kelajakka qadam” markazi direktori Mirjon Qahhorov. – Shuningdek, Navoiy davlat universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Kelajakka qadam” markazlarining hududiy bo‘linmalari tashkil etilgan. Ushbu markazlar orqali talabalarning biznes g‘oyalari puxta ishlangan loyihalarga aylantirilmoqda, istiqbolli tashabbuslar moliyalashtirilmoqda va ish beruvchilar bilan hamkorlikda bitiruvchilarning bandligi ta’minlanmoqda. 2024-2025 o‘quv yili bitiruvchilari tomonidan taqdim etilgan 168 ta loyiha uchun 8 milliard 809 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Buning natijasida 185 nafar bitiruvchi yosh ish bilan ta’minlandi. Shundan 154 nafar o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 1 milliard 540 million so‘m kredit berilgan bo‘lsa, 14 ta yuridik shaxs loyihasiga 7 milliard 269 million so‘m ajratilib, yana 41 nafar yoshning doimiy bandligi ta’minlandi.
2026-yilda ham mazkur ishlar izchil davom etmoqda. Yil boshidan buyon bitiruvchi va yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 150 ta loyihaga 25 milliard 717 million so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Natijada 171 nafar bitiruvchi yoshning bandligi ta’minlandi. Ularning 133 ta loyihasi “Kelajakka qadam” va “Kelajak tadbirkori” dasturlari doirasida 13 milliard 97 million so‘m imtiyozli kredit bilan moliyalashtirildi. Qolgan 17 ta loyiha uchun esa 12 milliard 620 million so‘m tijorat kreditlari ajratildi.
Kasblar ko‘rgazmasida bitiruvchi talabalar ishga joylashish, ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jarayonida faol ishtirok etdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari