914 ta noqonuniy qurilish buzdirildi
2026-yilning birinchi choragi davomida mamlakatimizda qurilish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli nazorat tadbirlari amalga oshirildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilgan monitoringlar natijasida qator kamchiliklar aniqlanib, noqonuniy qurilishlarga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar–mart oylari davomida respublika bo‘ylab 26 ming 818 ta qurilish ob’ektida olib borilayotgan ishlar nazoratga olindi. Ushbu ob’ektlarda jami 94 ming 450 marotaba nazorat va monitoring tadbirlari o‘tkazilib, qurilish jarayonlarining belgilangan me’yor va qoidalarga muvofiqligi o‘rganildi.
Nazorat tadbirlari davomida qurilish ishlarida 57 mingga yaqin turli xil kamchilik va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul tashkilot va pudratchilarga yozma ko‘rsatmalar berildi hamda ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Biroq ayrim hollarda berilgan ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli qurilish jarayonlariga mas’ul bo‘lgan shaxslarga nisbatan mingdan ortiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bu esa qurilish sohasida intizom va mas’uliyatni kuchaytirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Ayniqsa, qurilish normalari va qoidalariga zid ravishda amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari bo‘yicha 914 ta holat aniqlanib, ular buzdirish orqali bartaraf etildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday keskin choralar qurilish xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish hamda shaharsozlik talablariga rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, sohada qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish va qurilish sifati ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettiriladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA