Nomzodlar turnirida mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Sindorov Giri bilan bahslashadi
Bugun, 5-aprel kuni Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining 7-turida hamyurtimiz Javohir Sindorov oq donalarda niderlandiyalik Anish Giri bilan kuch sinashadi.
Kecha o‘tkazilgan 6-tur bahsida qora donalarda harakatlangan Javohir Sindorov xitoylik Vey Ini mag‘lubiyatga uchratdi va 5,5 ochko bilan turnirdagi yetakchiligini mustahkamlab oldi.

Ortda qolgan mazkur turda Fabiano Karuana – Andrey Yesipenko, Hikaru Nakamura – Praggnanandxa, Anish Giri – Matias Blyubaum qvarama-qarshiligidagi o‘yinlarda tomonlar murosa yo‘lini tanladi.
Musobaqaning ayollar bahsida ukrainalik Anna Muzichuk 4 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

Kecha o‘tgan 5-tur bahsida ukrainalik Muzichuk qora donalarda xitoylik Chju Szinerni mag‘lubiyatga uchratdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollaridan iborat turnir 16-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA