Nomzodlar turniri: 13-turda Sindorov Giriga qarshi dona suradi
Turning markaziy bahsi turnir jadvalida 9 ochko bilan peshqadamilik qilayotgan iste’dodli grossmeysterimiz Javohir Sindorov va 7 ochko bilan yurtdoshimizni ta’qib etayotgan niderlandiyalik Anish Giri o‘rtasida kechadi.
Aytish lozim, bugungi bahsda Javohirning Giriga qarshi qora donalarda harakatlanishi Sindorovga bir oz noqulaylik tug‘dirayotganini hisobga olsak, o‘yin qaysidir ma’noda “duranglar qiroli” nomi bilan tanilgan Anishning hujumkorligida o‘tishini anglatayotgandek.
Biroq o‘tgan turlarda Karuana, Pragnanandxaa, Nakamuralardan murakkab vaziyatda ustunlikka erishgan Javohir bu gal ham Niderlandiya vakilining ojiz nuqtasini topishiga ishongimiz keladi.

Ushbu turda o‘tadigan Vey I — Andrey Yesipenko, Xikaru Nakamura — Mattias Blyubaum va Fabiano Karuana — Pragnanandxa “jang”lari Nomzodlar turniri g‘olibini aniqlash masalasiga u qadar ta’sir ko‘rsatmasa-da, muxlislar uchun chinakam shaxmat jozibasini tortiq etishi tayin.
Nomzodlar turniri ayollar musobaqasining 12-turi yakunlariga ko‘ra, rossiyalik Katerina Lagno, Aleksandra Goryachkina, hindistonlik Divya Deshmux va xitoylik Tan Chjun’i sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik poygasidan chiqib ketgan bo‘lsa, bugun o‘tadigan 13-turda turnir jadvalida 1-2 hamda 3-4-o‘rinlarda harakatlanayotgan hindistonlik Vayshali Rameshbabu, xitoylik Chju Sziner, ukrainalik Anna Muzichuk, qozog‘istonlik Bibisara Asaubayeva ishtirok etadigan musobaqalar e’tibor markazidagi bahslar bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

Shu jihatdan, 13-turdagi Bibisara Asaubayeva — Anna Muzichuk, Tan Chjun’i — Vayshali Rameshbabu, Chju Siner — Aleksandra Goryachkina qarama-qarshiligidagi o‘yinlar yetakchilikka intilayotganlar o‘rtasidagi kuchli raqobatni vujudga keltirishi shubhasiz.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 1 million yevrodan iborat Nomzodlar turnirining so‘nggi 14 turida Javohir Sindorov oq donalarda xitoylik Vey Iga qarshi dona suradi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA