Nomzodlar turniri: Sindorov ta’qibchilarini 2 ochko farq bilan ortda qoldirmoqda
Shaxmat bo‘yicha Kiprda davom etayotgan Nomzodlar turnirining 8-tur o‘yini hamyurtimiz Sindorov uchun omadli o‘tdi.
Qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida turnirda ishtirok etayotgan Andrey Yesipenkoga qarshi bahsda Sindorov o‘yin tizginini o‘z quliga oldi. Bu, o‘z navbatida rossiyalik shaxmatchining himoyaviy harakatlanishiga olib keldi.
Sindorovning mazkur g‘alabaga teng durang natijasi hamda AQSH vakili Hikaru Nakamuraning hamyurti Fabiano Karuanani mag‘lub etishi ortidan Javohir 9-tur o‘yinlari ostonasida ta’qibchilaridan deyarli 2 ochko oldinga o‘tib ketishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu turda Anish Giri (Niderlandiya) Praggnanandxa (Hindiston)ni dog‘da qoldirgan bo‘lsa, Vey I (Xitoy) — Mattias Blyubaum (Germaniya) qarama-qarshiligidagi o‘yinda durang natija qayd etildi.
8-turdan so‘ng turnir jadvalini 6,5 ochko bilan Sindorov boshqarib borayotgan bo‘lsa, 2 va 3-o‘rindan joy olgan Fabiano Karuana va Anish Giri hisobida 4,5 ochko mavjud.

Bugun, 8-aprel kuni Javohir qora donalarda germaniyalik Mattias Blyubaum qarshiligini yengishga harakat qilsa, Hikaru Nakamura — Andrey Yesipenko, Fabiano Karuana — Anish Giri, Praggnanandxa — Vey I to‘qnash keladi.
Aytish lozim, turnirning birinchi davrasida o‘tgan 2-tur o‘yinlarida mazkur qarama-qarshilikdagi barcha uchrashuvlarda murosa yo‘li tanlangan edi.

Ayollar o‘rtasidagi Nomzodlar turnirining o‘tgan 8-tur bahslarida hindistonlik Divya Deshmux qora donalarda ukrainalik Anna Muzichukni, xitoylik Chju Sziner ham qora donalarda hamyurti Tan Chjun’ini, rossiyalik Katerina Lagno oq donalarda yurtdoshi Aleksandra Goryachkinani taslim etdi. Qozog‘istonlik Bibisara Asaubayeva va hindistonlik Vayshali Rameshbabu o‘yinida murosa yo‘li tanlandi.
Bugun ayollar o‘rtasidagi bahslarda Tan Chjun’i — Anna Muzichuk, Chju Sziner — Katerina Lagno, Aleksandra Goryachkina — Bibisara Asaubayeva, Vayshali Rameshbabu — Divya Deshmux o‘zaro to‘qnash kelishadi.
Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 1 million yevrodan iborat Nomzodlar turnirining erkaklar musobaqasida g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 70 ming yevro, 2-o‘rin sohibi 45 ming, 3-o‘rindan joy olgan shaxmatchi esa 25 ming yevro bilan taqdirlanadi.
14 ta turdan iborat bahslar 16-aprelga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA