Neft-gaz sohasini raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi
Neft-gaz sanoatida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va zamonaviy geologik tadqiqot usullaridan foydalanish konlarni samarali boshqarish, qidiruv ishlarini takomillashtirish va ishlab chiqarish unumdorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov va AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Li Dan xonim boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda so‘z bordi.
Muloqotda ikki kompaniya o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va uni yangi yo‘nalishlar orqali rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda, xususan, konlarni samarali boshqarish, geofizik tadqiqotlarni takomillashtirish, geologik ma’lumotlarni raqamli modellashtirish va ularni boshqarish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar istiqbolli loyihalar bo‘yicha muloqotni davom ettirish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan keyingi qadamlarni muvofiqlashtirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA