Neft-gaz sohasida texnologik hamkorlik kengaytiriladi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov va “Sinopec” kompaniyasining Rossiya va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha bosh vakili Fan Syannan boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda jamiyat axborot xizmati xabar berdi.
Unda neft-gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, chuqur quduqlarni burg‘ilash va neftni qayta ishlashda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Abdug‘ani Sanginovning ta’kidlashicha, Ustyurtda olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida istiqbolli uglevodorod zaxiralari aniqlangan. Ularni o‘zlashtirish doirasida 5,5–6 ming metr chuqurlikdagi, yuqori qatlam bosimi va harorat sharoitida burg‘ilanadigan quduqlarni qurish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan “Sinopec” kompaniyasiga mazkur yo‘nalishda zamonaviy texnologik yechimlar va texnik takliflar ishlab chiqish taklif etildi.
Tomonlar yangi istiqbolli bloklarda geologiya-qidiruv ishlarini birgalikda olib borish masalasini ham muhokama qildi. Joriy yilda geologiya-qidiruv ishlari hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb uch barobar oshgani qayd etildi.
Shuningdek, neftni qayta ishlash sohasiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, Xitoyning “Sinopec” tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish va belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA