O‘zbekistonda gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, tarmoqlarda samaradorlikni oshirish va zamonaviy hisobga olish usullarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalari kengayib, sohada raqamli yechimlarni amaliyotga tatbiq etish tizimli olib borilmoqda.
Yaqinda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining BAAning "International Holding Company" tarkibiga kiruvchi "Esyasoft Holding Ltd" kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashi ham bu ishlar davomi hisoblanadi.

Uchrashuv chog‘ida “Hududgazta’minot” AJning so‘nggi yillarda erishgan natijalari tahlil qilindi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali gaz taqsimoti tizimini yanada shaffof, xavfsiz va samarali tarzda boshqarish imkoniyatlari muhokama etildi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur hujjat gaz ta’minoti tarmoqlarini raqamlashtirish va ularni zamonaviy boshqaruv tizimiga o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
"Esyasoft Holding" xalqaro miqyosda to‘plangan tajribasi bilan ajralib turadi. Kompaniya Yaqin Sharq, Osiyo va Yevropa davlatlarida intellektual hisob va nazorat tizimlarini joriy etib, 30 milliondan ziyod iste’molchini qamrab olgan yirik loyihalarni amalga oshirgan.

Kompaniya vakillari o‘z mablag‘ va imkoniyatlaridan foydalangan holda tarmoqlarda gaz hajmini aniq hisobga olish, yo‘qotishlarni kamaytirish hamda “aqlli” boshqaruv yechimlarini amalga tatbiq etish bo‘yicha takliflarini taqdim etishini ma’lum qildilar.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasida imzolangan ushbu memorandum gaz ta’minoti sohasini rivojlantirish va raqamli boshqaruvni joriy etishda yangi yo‘nalishlarni ochib berishga xizmat qiladi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA