Neft-gaz sohasida yangi imkoniyat: bepul onlayn ta’lim
Neft-gaz sohasida ishlaydiganlar va shu yo‘nalishda tahsil olayotgan yoshlar uchun kasbiy bilimni oshirishning yangi imkoniyati paydo bo‘ldi. “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan "UNG Online" raqamli ta’lim platformasi ishga tushirildi.
Platforma orqali soha mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari talabalari va bitiruvchilari zamonaviy hamda amaliy bilimlarni onlayn shaklda o‘zlashtirishi mumkin.
E’tiborli jihati — dastlabki o‘quv kurslaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ularda mehnat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish, kompaniya tarixi, tuzilmasi va faoliyati, gender stereotiplari hamda tazyiqning oldini olish kabi muhim mavzular qamrab olingan.
Darslar o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi. Foydalanuvchilar kurslarni o‘zlashtirish jarayoni, bilim darajasi va o‘qish natijalarini shaxsiy tarzda kuzatib borishi mumkin.
Ya’ni, sohaga oid bilimlarni oshirish uchun endi auditoriya yoki maxsus o‘quv jadvaliga bog‘lanib qolish shart emas, kerakli kurslarni onlayn tarzda o‘zlashtirish mumkin.
Bepul kurslarda o‘qishni boshlash uchun “ungacademy.uz” saytiga kirish kifoya.
Yangi platforma neft-gaz sohasida zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan raqamli ta’lim imkoniyatlarini kengaytiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA