Navoiyda turizm yanada rivojlanmoqda
So‘nggi yillarda yurtimizda hududlarning salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini tubdan takomillashtirish, sohada tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyatida ham sayyohlik va dam olishning madaniy meros, ziyorat, gastronomik, ekoturizm va boshqa turlari keng rivojlanganligi turistik jozibadorlikni oshirmoqda. Natijada viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yil sayin ko‘paymoqda.
Davlatimiz rahbarining 2024 yilning 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari viloyatga tashrifi davomida 2025 yilda Navoiyga 500 ming xorijiy turistni jalb qilib, bu xizmat eksportini 150 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilib, yo‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyali shoxobchalar tashkil etgan holda savdo va servislarni ko‘paytirish imkoniyati ko‘rsatib o‘tilgan edi.
2024 yil viloyatga 420,2 ming nafar xorijiy va 2 million 485 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilgan. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan solishtirilganda 22 barobarga oshganligini ko‘rish mumkin. Turizm eksporti hajmi esa 105 million dollarga yetkazildi.
[gallery-21646]
– 2024 yilda viloyatda 300 milliard so‘mlik 24 ta investitsiya loyihalari amalga oshirildi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi mutaxassisi Komiljon Normamatov. – 2025 yilda esa zamonaviy turizm talablariga javob beradigan joylashtirish vositalarini tashkil qilish bo‘yicha 37 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihalarning 10 tasi viloyat hududidan o‘tuvchi M-37 xalqaro ahamiyatga ega avtomagistral yo‘li yoqasida joylashgan. Birgina Karmana tumanining o‘zida 2025 yilda umumiy qiymati 200 milliard so‘mlik 4 ta namunali mehmonxona xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyihalar ishga tushishi natijasida 100 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bundan tashqari, sayyohlarni ko‘proq olib qolish maqsadida qo‘shimcha xizmat turlari ko‘rsatish ob’ektlari qurilmoqda. Jumladan, YUNESKO ro‘yxatiga kirgan ob’ektlar yaqinida zamonaviy ekobog‘ tashkil qilish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha yil yakuniga qadar ishga tushadi.
Loyiha doirasida xalqaro brendga ega korxonalar jalb qilinib, savdo markazlari, gastronomik turizm yo‘nalishidagi yangi ob’ektlar, mehmonxonalar quriladi. Qiziltepa tumanida esa gastronomik turizm yo‘nalishida 10 dan ortiq xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va savdo markazlari ish boshlaydi. Shuningdek, mazkur avtomobil yo‘liga yaqin masofada joylashgan daryo bo‘yida yengil konstruksiyali dam olish maskanlari qurish ham rejada bor. Ushbu dam olish maskanlari bir vaqtning o‘zida 200 nafardan ortiq sayyohga xizmat ko‘rsatadi va klaster tartibida ishga tushiriladi. Ya’ni, bitta ob’ektning o‘zida mehmonxona, dam olish maskani, restoran, tur operator va transport xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda viloyatda faoliyat olib borayotgan turkompaniyalarning soni 75 taga yetkazilgan. Xatirchi, Nurota, Navbahor, Karmana, Qiziltepa tumanlarini qamrab olgan 340 km masofada 60 ta ob’ektdan iborat 14 ta turizm marshrutlarini o‘z ichiga olgan Navoiy “turizm halqasi” yo‘nalishi bo‘yicha transportda va piyoda sayohat qilish bo‘yicha alohida turistik marshrutlar yaratildi.
Xatirchi tumani Oltinsoy mahallasi hududida joylashgan termal buloqlar salohiyatidan samarali foydalangan holda umumiy qiymati 15 milliard so‘mlik sog‘lomlashtirish ob’ekti hamda qiymati 6 milliard so‘mlik xostel faoliyati tashkil etildi.
“Qizilqum safari” MCHJ tomonidan Aydarko‘l bo‘yida 500 o‘rinli o‘tovli lager tashkil etilib, otda va tuyada sayr qilish, ov qilish, avtomagistral yo‘l bo‘yida 2 ta restoran, savdo do‘konlari, transport hamda turkompaniya xizmatlarini o‘z ichiga olgan turizm klasteri tashkil etildi.
– Turizm klasteri o‘zida sayyohlarga mehmonxona, ovqatlanish, 2 ta transport, gid ekskursovod, 46 ta o‘tovdan iborat lager, bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega plyaj xizmatlarini jamlagan, – deydi viloyat turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Hilola Xudoyberdiyeva. – Shuningdek, Qiziltepa tumani hududidan o‘tgan M-37 xalqaro magistral yo‘li yoqasida viloyatda ilk bor “Karvonsaroy” loyihasi amalga oshiriladi. “Navoiy tears invest” MCHJ tomonidan boshlangan qiymati 4 million dollarlik ushbu loyiha doirasida restoran, savdo do‘konlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish va elektromobillarni quvvatlash shoxobchalari, mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar quriladi. Avtosalon, yuk va yengil mashinalarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoservis va avtoturargoh, o‘tovlar, ko‘l, bolalar maydonchasi, otxona va tuyaxonalar barpo etiladi.
Hozirda 100 o‘ringa mo‘ljallangan “Zarafshon managed By Dedeman” mehmonxonasi yiliga 20 ming nafarga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda arab davlatlari, Turkiya, Xitoy, AQSH va Yevropa mamlakatlari, shuningdek, Rossiya hamda MDH davlatlaridan doimiy mehmonlar kelib dam oladi.
Tahlillarga qaraganda, 2017 yilda sayyohlarning viloyatda qolish kunlari o‘rtacha bir kunni tashkil etgan bo‘lsa, oxirgi yetti yil mobaynida yaratilgan imkoniyat hamda sharoitlardan foydalangan holda turistlarning viloyatda qolish kunlari 3 kun va undan ortiq kunlarga uzaytirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari