Navoiyda “Birinchi qo‘ng‘iroq”
Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yili boshlandi.
Joriy yilda Navoiy viloyatidagi 378 ta umumta’lim maktabida ham “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi!” shiori ostida “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, 1-sinfga 19 ming 600 nafarga yaqin o‘quvchi qabul qilindi.

Viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi yangidan bunyod etilgan 23-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Zamonaviy ko‘rinishga ega, barcha qulayliklarni o‘zida mujassam etgan 660 o‘rinli umumiy o‘rta ta’lim maktabi O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining 20 milliard so‘m homiylik mablag‘lari hisobidan qurib berildi.

5 ta xorijiy til va axborot texnologiyalari chuqur o‘rgatiladigan mazkur maktabga 1450 nafar talabgor orasidan 45 nafar o‘qituvchi tanlov asosida ishga qabul qilindi.
Tadbirda viloyat hokimi mustaqilligimiz bergan imkoniyatlar, yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi, o‘qituvchilar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar haqida to‘xtalib, o‘quvchilarga chuqur bilim olishga, yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishishi yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Viloyat bo‘yicha turli davlat dasturlari doirasida 2023 yil va 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida 32 ta umumta’lim maktabida, jumladan, 5 tasida yangi qurilish, 26 tasida rekonstruksiya va 1 tasida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Mazkur ishlarga respublika va mahalliy byudjetdan 229 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, “Tashabbusli byudjet” va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 85 ta maktabga 5,8 milliard so‘mlik 387 dona elektron doska olib berildi.

Maktab o‘quvchilarini sportga jalb qilish maqsadida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1,7 milliard so‘mga 12092 dona birlamchi sport jihozlari, o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan 11 ta maktabga 558,4 million 20 nomdagi 200 dan ortiq jihoz olib berildi.
Shuningdek, 72 ta maktabning chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik sinf xonalari 1,7 milliard so‘mlik birlamchi harbiy-ta’lim vositalari bilan to‘liq jihozlandi.

– Respublikamizda bitiruvchilari 100 foiz oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan jami 21 ta maktabning 8 tasi Navoiy viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Maktablarimizning 21 tasida bitiruvchilarning OTMlarga o‘qishga kirishi 80 foizdan yuqori natijani ko‘rsatdi. Viloyatimizdagi 1833 nafar chet tili fani o‘qituvchisining 1578 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich 87 foizga yetkazildi.

O‘tgan davr mobaynida umumta’lim maktablarini o‘quv va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, maktab kutubxonalarga 2023-2024 o‘quv yilida 492,8 million so‘mlik 75 ming dona turli yo‘nalishlardagi adabiyotlar olib berildi. 2023 yilda maktablarda kitob fondi 933 ming 375 donani tashkil etib, bir o‘quvchiga 5 donadan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2024 yilda kitoblar fondi 1 million donadan oshib, bir o‘quvchiga o‘rtacha 6 donadan to‘g‘ri kelishiga erishildi.
Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri