Bugun yurtimizdagi barcha maktablarda yangi – 2024/2025 o‘quv yilining birinchi qo‘ng‘iroqlari yangradi.
“Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi asosida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayramiga hamohang o‘tayotgan bu tadbirlar, ayniqsa, mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan ulkan islohotlar natijasida yangidan qurilib, zamonaviy sharoitlar yaratilgan ta’lim maskanlarida nishonlanayotgani g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Istiqlol ayyomi va Bilimlar kuniga tuhfa sifatida, Namangan viloyati Chust tumanida Boborahim Mashrab nomli xususiy maktab foydalanishga topshirildi. Tadbirkor tomonidan 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur maktab 396 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lib, yangi 50 ta qo‘shimcha ish joyi yaratildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Namangan viloyatida so‘nggi yetti yilda nodavlat ta’lim muassasalari tarmog‘i kengaytirilib, xususan xususiy maktablar soni 34 taga yetganligi aytildi. Ularda 2 ming 963 nafar o‘quvchiga 314 nafar pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

Jumladan, yangi o‘quv yilida uchta ana shunday nodavlat maktab o‘z faoliyatini boshladi. Nuroniylar ishtirokida ramziy lenta qirqilib, tadbir ishtirokchilari maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
***
Viloyatda o‘tgan yilning o‘zida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tumanlarda sakkizta ixtisoslashtirilgan maktab qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi o‘quv yilidan e’tiboran ularning soni yana bittaga ko‘paydi. Viloyatning dovonga tutash tog‘oldi hududi – Pop tumanida 408 o‘quvchi o‘rniga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktab foydalanishga topshirildi. Zamon talablariga to‘laqonli javob beradigan ko‘rkam bilimgohni barpo etish uchun davlat byudjetidan 17 milliard 571 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Bundan tuman faollari, nuroniylar, xalq ta’limi fidoyilari, ayniqsa, tumanning bilimga chanqoq yoshlari behad mamnun bo‘ldi. Tantanali tadbirda e’tirof etilganidek, 2024 yilda Namangan viloyatidagi Prezident maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 11-sinflarini tamomlagan 602 nafar o‘quvchining barchasi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
Taqdimot marosimlarida qatnashgan Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tub ijobiy o‘zgarishlar yuksak samaralar berayotganligini ta’kidlab, yangi ta’lim muassasalari faoliyatiga ulkan zafarlar tiladi.

***
Namangan viloyatidagi 715 ta umumta’lim maktabida 549 ming 277 nafar o‘quvchi “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bilan darslarni boshladi. Joriy o‘quv yilida 58 ming 438 nafar bola 1-sinfga qadam qo‘ydi. Bolajonlarga 12 turdagi o‘quv qurollari va darslik kitoblaridan iborat “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi.
Mustaqilligimizning 33 yilligi bayrami hamda Bilimlar kuni Namangan shahridagi 6-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida ham keng nishonlandi. Viloyat hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi, yoshlar ishlari boshqarmalari mas’ul xodimlari, mehnat faxriylari, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi tadbir O‘zbekiston davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Hotamov o‘quvchilarga samimiy tilaklarini bildirib, maktabda olinadigan chuqur bilimlar Yangi O‘zbekistonning ertangi kunini belgilashga xizmat qilishini ta’kidladi. O‘quvchilarga yuksak salohiyatli, vatanparvar, xalqimiz og‘irini yengil, mushkulini oson qiladigan, aqlan barkamol kadrlar sifatida voyaga yetishiga katta ishonch bildirildi.

Ushbu ilmgohda yangi 2024/2025 o‘quv yilida Nigora Ahmedova boshchiligidagi 45 nafar pedagog muallimligida 900 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim oladi. Maktab ostonasiga endi qadam qo‘ygan 1-sinfning jajji 105 o‘quvchisiga “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda taqdim etildi.
E’tirof etish joiz, o‘tgan o‘quv yilida maktabni tamomlagan 85 nafar bitiruvchining barchasi yurtimiz va xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi. Ularning yarmidan ko‘pi davlat granti asosida talaba bo‘lish baxtiga erishdi.
O‘quvchilar “Mustaqillik darsi” bilan yangi o‘quv yilini boshladi. Viloyat hokimining o‘rinbosari jajji va yuqori sinf o‘quvchilari bilan muloqotda bo‘lib, ularni ota-onalari orzu qilgan a’lochi o‘quvchi, O‘zbekistonimiz ishongan munosib farzandlari bo‘lishga ruhlantirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.