Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 2023 yilda mamlakatimizga rasmiy tashrif chog‘ida Samarqand shahrida O‘zbekiston va Fransiya davlatlari rahbarlari ishtirokida Samarqand Fransuz Alyansi ochilgan edi.
Markazda bugungi kungacha 100 nafarga yaqin tinglovchi til o‘rganib, tegishli sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Shulardan 4 nafari qisqa muddatda fransuz tilini o‘rganib, "Campus France" dasturi orqali Fransiyaning xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarda qayd etilgan oliy o‘quv yurtlariga grant asosida o‘qishga qabul qilindi.
Marjolen Le Gallo rahbarlik qilayotgan markaz Fransiya elichixonasi tomonidan moliyalashtiriladi.
[gallery-22195]
– Ayni paytda 20 nafardan ortiq tinglovchimiz oflayn va onlayn tarzda fransuz tilini o‘rganmoqda, – deydi Samarqand Fransuz Alyansi ma’muriy direktori Gulnoz Yormatova. – Tinglovchilarning talabiga ko‘ra kurslar vaqti belgilanadi. A1, A2, V1, V2, S1, S2 darajagacha bo‘lgan sertifikatlar olish mumkin. Ikki muddatda noldan S1 darajagacha fransuz tilini o‘rganish mumkin. Shuningdek, Samarqand viloyatidagi fransuz tili o‘qitiladigan 76 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat olib borayotgan 220 nafar o‘qituvchi uchun o‘z ustida ishlab, til bilish darajasini oshirish uchun bepul kurslar tashkil qilingan. Boshqa qo‘shni viloyatlar o‘qituvchilari uchun esa ellik foizlik to‘lov belgilangan.
Ularga xorijlik mutaxassislarimiz maxsus dasturlar asosida til o‘rgatadi. Markazda faoliyat yuritayotgan 6 nafar xodimning ikki nafari fransiyalik mutaxassislardir. Tinglovchilar fransuz tili bilan birga bu tilda so‘zlashuvchi xalqning madaniyatini ham o‘rganadilar.
Samarqand Fransuz Alyansida xalqaro til bilish diplom va sertifikatlari uchun imtihonlar o‘tkazish markazi ham mavjud. Kanadaga ish va o‘qish uchun ketayotganlar ham bu yerda til bilish darajasi uchun imtihondan o‘tib, tegishli hujjatlarini olishlari mumkin.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari