Harbiy qismda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli "N" harbiy qismida madaniy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish va ularning madaniy hordiq chiqarishini ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat kengashi, DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli “n” harbiy qism, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Unda harbiy xizmatchilar, ijodkorlar, yoshlar va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etishdi. Muloqotlar davomida Vatanga muhabbat, yurt tinchligi va xalq farovonligini asrash har bir insonning muqaddas burchi ekani xususida fikr almashildi.

Tadbir ishtirokchilari e’tiboriga yurtimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari, adabiyoti va san’atiga oid fikr-mulohazalar havola etildi. Shuningdek, Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli va mas’uliyatli vazifaning mazmun-mohiyati, uning yurt tinchligi va sarhadlar daxlsizligini ta’minlashdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Ijodkorlarning she’r va adabiy-badiiy chiqishlari tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishlagan bo‘lsa, dilbar kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarda harbiy xizmatchilarning ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, ularni kitobxonlikka, milliy san’at va adabiyotga qiziqtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi muloqot va fikr almashuvlar tadbirlarning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi.
Ta’kidlanganidek, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularning yurtga sadoqati, milliy g‘ururi va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Zero, tinch va osuda hayot, farovon kelajak hamda yurt taraqqiyotining muhim omili — Vatanni sevuvchi, uning tinchligi va sarhadlari daxlsizligini ta’minlashga tayyor bo‘lgan fidoyi insonlardir. Yagona Vatan va yagona xalq g‘oyasi atrofida birlashib, yangi hayot va yorug‘ kelajak sari dadil qadam tashlash barchamizning ezgu maqsadimizdir.
Tadbirlarda 200 nafar harbiy xizmatchilar va yoshlar qamrab olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari