Muzeyga sayohat taassurotlarga boy bo‘ldi
Mamlakatimizda yoshlarni milliy qadriyatlar, Vatan tarixi va ajdodlar merosiga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Muzeylararo 90 kun” ma’naviy-ma’rifiy ekskursiyalar loyihasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur loyiha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa yosh avlodning Vatanimiz tarixi, taraqqiyot bosqichlari, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, milliy o‘zlik va qadriyatlarimiz haqidagi bilimlarini boyitish, yurt ozodligi va tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan qahramonlar xotirasini abadiylashtirish hamda ularning ibratli hayoti va faoliyatini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Loyiha doirasida mahalla faollari, yoshlar, o‘quvchilar, talabalar va pedagoglar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi, G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi hamda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiга tashrif buyurib, milliy tariximiz, buyuk ajdodlarimiz merosi, Vatan ozodligi uchun kurashgan jasur vatandoshlarimiz xotirasi, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi bilimlarini yanada mustahkamlamoqda.
[gallery-30060]
Bugun mazkur loyiha doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilar uchun poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ekskursiya tashkil etildi.
Ma’rifiy sayohat davomida maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Farhod Boqiyev mamlakatimizda yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, vatanparvarlik, fidoyilik ruhida kamol toptirishga katta e’tibor qaratilayotganini, bu yo‘nalishda turli ma’rifiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Sayohat davomida bolalar milliy o‘zlik, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizga oid qiziqarli ma’lumotlardan bahramand bo‘ldi. Muzeyga ekskursiya o‘g‘il-qizlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu kungacha mazkur loyiha doirasida maktablarning 10 ming 500 nafar o‘quvchisi poytaxtdagi yetakchi muzeylarga ekskursiya qildi.
90 kun mobaynida esa qariyb 150 ming nafar фуқарони qamrab olish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 868 ta mahalladan 72 ming 450 nafar mahalla aholisi, 61 ming 400 nafar maktab o‘quvchisi, 1 ming 250 nafar oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talabalari, shuningdek, 6 000 nafar kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari loyihada ishtirok etadi.
“Muzeylararo 90 kun” loyihasi yoshlarda milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotiraga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlash, ularni ezgu maqsadlar sari ruhlantirishga xizmat qiladigan muhim ma’naviy-ma’rifiy tashabbus sifatida ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
A.Alijonov (surat),
O‘zA