XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi qanday o‘tadi?
Joriy 2026-yilning 12-16-oktabr kunlari poytaxt Toshkent shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi 2001-yildan buyon har ikki yilda bir marta davlatimizning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu ijodiy loyiha mamlakatimiz tasviriy va amaliy san’ati sohasida erishilgan ulkan yutuqlarni jahonga namoyish etish, mo‘yqalam sohiblarining o‘zaro fikr va tajriba almashishi uchun imkon yaratish, tasviriy san’at ixlosmandlarini eng sara asarlar bilan tanishtirishda o‘ziga xos ma’rifiy maydon vazifasini o‘tamoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida tashkil etilgan yig‘ilishda mazkur xalqaro loyihani baland ruhda, yuqori saviyada o‘tkazishga oid fikrlar bildirildi.
Badiiy akademiya raisining o‘rinbosari Farhod Toshmuhamedov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda madaniy hayotimizda muhim voqelik bo‘lgan mazkur xalqaro san’at tadbirini tashkil qilish va o‘tkazish chora-tadbirlari yuzasidan batafsil fikr yuritildi.
Yig‘ilishda mutasaddilar ishtirokida tashkiliy ishlar muhokama qilinib, tegishli vazifalar belgilab olindi.
N.Usmonova, O‘zA