Faol yoshlar e’tirof etildi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi “Lochin” o‘yingohida 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” shiori ostida gala-konsert dasturi tashkil etildi.
Bayram avvalida markaziy ko‘chalar bo‘ylab o‘ziga xos mashinalar karvoni yurib o‘tdi.
So‘ng asosiy tadbirlar “Lochin” o‘yingohida davom ettirildi.

Tadbirda Uchquduq tumani hokimi Uchqun Yelmuratov ishtirok etib, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning bilim olishi va o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tuman yoshlari 2025-2026 o‘quv yilini katta muvaffaqiyatlar bilan yakunladi. 447 nafar bitiruvchining 5 nafari oltin, 2 nafari kumush medal bilan maktabni tamomladi. 29 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, eng yuqori 189 ball to‘plagan holda muddatidan avval talaba bo‘ldi.
Bayramda faol va iqtidorli yoshlar, ularning ota-onalari tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.
Shuningdek, “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalari va bellashuvlar g‘oliblari, mahalla yoshlari o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarida faxrli 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar hamda sportchilar ham munosib rag‘batlantirildi.
Keng jamoatchilik va yoshlar jam bo‘lgan tadbirda yoshlarning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan “Zakovat” ligasi hamda kitobxonlikni targ‘ib etuvchi “Bir haftada bir kitob” loyihasi doirasidagi tanlovlar yakunlari e’lon qilindi.

Xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida dzyudo sporti turi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan Ziyoda Shomurodova va Nozima Normurodova munosib taqdirlandi.
Yoshlar uchun tashkil etilgan bayramona dastur xonandalar va badiiy jamoalarning chiqishlari hamda ko‘ngilochar tadbirlar bilan davom etdi.
“Yoshlar kuni”ga bag‘ishlangan bayram tadbiri ajoyib mushakbozlik bilan yakunlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri