Energetika haftaligida ko‘rgazmalar ish boshladi (+video)
Energetika sohasining mamlakatimiz ravnaqida tutgan o‘rni yuqori. Shu bois bu borada tashkil etilgan har bir tadbirga keng jamoatchilik, korxona-tashkilot, yirik kompaniyalarda e’tibor doimo katta bo‘lgan.
Ma’lumki, shu yilning 12-14-may kunlari “CAExUzbekistan” ko‘rgazma majmuasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi bir qator muhim ko‘rgazma va anjumanlarni birlashtirgan “28-O‘zbekiston energetika haftaligi –UEW 2026” o‘z ishini boshladi. Bu galgi ko‘rgazma “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkorlari Energetika vazirligi va “O‘zbekneftgaz” AJning an’anaviy rasmiy qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazilmoqda.
Bu yerda bir vaqtning o‘zida neft va gaz, energetika, muqobil energiya manbalari va uni tejovchi texnologiyalar namoyish etilmoqda. 34 mamlakatdan 580 ta kompaniya va brend egalari, 140 nafar spiker va moderator hamda 1 500 nafardan ortiq delegat ishtirok etmoqda. Shulardan 85 nafari ilk bor qatnashmoqda.
- Bu qurilma kichik meteostansiya bo‘lib, katta hududdagi metereologik qurilmalarni bilashtirib, boshqarib turadi, - deydi ko‘rgazma ishtirokchisi Rossiya kompaniyasi vakili Ilya Buzinov. –U atmosfera bosimi, namligi va havo oqimini, shamol tezligini bir vaqtning o‘zida aniqlay oladi. Qurilmaning boshqalardan farqi kichik hajmda bo‘lsada, katta vazifani bajara oladi. Asosan aeroportlarda uni ko‘proq qo‘llashadi. Yana ushbu qurilma yordamida ekologik o‘zgarishlarni ham aniqlash mumkin. Afzallik tomoni 60 daraja issiqda yoki havo sovib ketsa, uning texnik xarakteristikalari o‘zgarmaydi, aniq o‘lchamlar taqdim etadi.
E’tiborli tarafi har bir namoyishda energiya tejamkorlik va atrof-muhit muhofazasiga ustuvorlik berilgan. O‘zbekiston sohani modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu esa ko‘rgazmada namoyish etilgan har bir yangi ishlanmada aks etib turdi.
Har doimgidek, Xitoy kompaniyalari ko‘rgazma ishtirokchilarining katta qismini tashkil etdi. Ularning jamoaviy stendi 155 ta kompaniyaning neft va gaz uskunalari, innovatsion texnologiyalari, xizmatlar va boshqa mahsulotlarning xilma-xil turlarini o‘z ichiga olgan o‘nlab pavilonlarda namoyish qilindi. Taqqoslash uchun Italiya stendi 11 ta va Koreya Respublikasining jamoaviy stendida 7ta muhandislik yechimlari va texnologiyalari taqdim etildi xolos.
O‘n uchta mahalliy kompaniyalarimiz tomonidan injiniring va qurilish texnologiyalari, shuningdek, ishlab chiqarish va qayta ishlash, quduqlarni ta’mirlash xizmatlari, neft konlari uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish, kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish, neft qazib olishni ko‘paytirish, uskunalar va transport xizmatlarini namoyish etishdi. Quvonarlisi bizni kompaniyalar xorijnikidan qolishmaydigan yangi ishlanmalari bilan ko‘proq ishtirok etmoqda.
Albatta ushbu tadbir professional aloqalarni mustahkamlash, bozor ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish va energetika sohasiga zamonaviy yondashuvlarni ilgari surishga yordam beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/G8fGZRtFedk" title="Energetika haftaligida ko‘rgazmalar ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA