Mustaqillikning milliy adabiyotimizga bergan ulkan ne’matlari
Mustaqilligimizning 35 yilligi1991-yildan buyon o‘tgan mustaqillik davrida o‘zbek milliy adabiyoti mafkuraviy tazyiqlardan qutilib, tom ma’noda milliy o‘zlikni anglash, badiiy erkinlik va yangilanish davriga qadam qo‘ydi. Aslida istiqlol yillarida milliy adabiyotimizda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bisyor. Ayniqsa, yangilanishga yuz tutgan O‘zbekistonimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida milliy adabiyot sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni sanab adog‘iga yetish mushkul. Biz ularning ayrimlarini sanaymiz xolos.
1. Milliy adabiyotimizda «Sotsialistik realizm» majburiy metodi va sinfiylik tamoyili butunlay bekor qilindi.
2. Badiiy ijodning bosh mezoni vatanparvarlik, milliy istiqlol va inson qadriga qaratildi.
3. Milliy adabiyotimizda Islom falsafasi, tasavvuf ta’limoti va ilohiy ishq mavzulari adabiyotga erkin qaytdi.
4. Istiqlol yillarida adabiyotimizda tarixiy haqiqatning tiklanishi qaror topdi. Sovet davrida soxtalashtirilgan tarix, amirlar, xonlar va milliy qahramonlar obrazi xolis baholandi.

5. Xalq dushmani deb qoralangan Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Usmon Nosir kabi ijodkorlar merosi to‘liq oqlandi va xalqqa qaytarildi.
6. Jadid adabiyoti namoyandalari ijodini tizimli o‘rganish va nashr etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
7. Nashriyotlar va ijodkorlar ustidan siyosiy nazorat olib tashlandi, erkin fikrlashga yo‘l ochildi.
8. Adabiyotimizda romanchilik tobora yuksaldi. Buyuk bobokalonlarimiz, jadidlar va yaqin tariximiz haqida o‘nlab yirik yangi romanlar yaratildi.
9. O‘zbek nasrida modernizm, shartlilik, ramziylik va «ong oqimi» usullari ilk bor keng qo‘llanila boshlandi.
10. Mustaqillik davri kishisining ruhiy dunyosi, bozor iqtisodiyoti sharoitidagi ma’naviy evrilishlari roman va qissalarda chuqur aks etdi.

11. Badiiy-falsafiy, adabiy-biografik esse janri o‘zbek adabiyotida mustaqil va nufuzli yo‘nalishga aylandi.
12. Millat, taqdir va Yaratgan bilan muloqot motivlari asosiy o‘ringa chiqdi.
13.O‘zbek she’riyatida erkin she’r, sonet, haiku va tanka kabi janrlar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi.
14. Mumtoz vazn — aruzda zamonaviy ruhdagi g‘azal va dostonlar yozish an’anasi yangi bosqichda davom etdi.
15. Yosh avlod vakillari tomonidan til, shakl va mazmunda kutilmagan metaforalarga boy avangard yo‘nalish yaratildi.

16. Sahnada sobiq tuzum taqiqlagan davlat arboblari va allomalar siymosi gavdalantirildi.
17. O‘zbeksiton Yozuvchilar uyushmasining TURKSOY tashkiloti bilan aloqalari yo‘lga qo‘yildi va mustahkamlandi.
18. Ramziy-falsafiy va eksperimental drama janri o‘zbek teatr san’atiga yangi nafas olib kirdi.
19. Milliy va umuminsoniy mezonlarga asoslangan adabiyotshunoslik shakllandi.
20. Alisher Navoiy, Bobur va boshqa mumtoz shoirlar ijodi diniy-tasavvufiy va haqiqiy mazmunida tadqiq etildi.

21. Milliy adabiyotimizning Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim G‘afurov kabi yirik namoyandalari “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
22. Maktab va oliy ta’lim uchun «Milliy istiqlol davri o‘zbek adabiyoti» fan sifatida kiritilib, yangi konseptual darsliklar yaratildi.
23. Dunyo adabiyotining eng sara namunalari, jumladan, Nobel mukofoti sovrindorlari asarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (vositachi tilsiz) o‘zbek tiliga o‘girildi.

24. Alisher Navoiy, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va zamonaviy adiblar asarlari ingliz, fransuz, nemis, arab va turk tillariga yuqori saviyada tarjima qilindi.
25. O‘zbekiston ijodkorlari xorijiy festivallar, xalqaro adabiy anjumanlar va Yozuvchilar uyushmalari anjumanlarida muntazam ishtirok eta boshladi.
26. Toshkent markazida milliy adabiyotimiz namoyandalari xotirasini abadiylashtiruvchi ulkan madaniy majmua – “Adiblar xiyoboni” barpo etildi.
27. Respublika bo‘ylab taniqli adiblar – Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktablari tarmog‘i yaratildi.
28. «Jahon adabiyoti» jurnali tashkil etildi. Bu jurnal jahon adabiy jarayoni va tarjimachilik maktabining eng yirik markaziga aylandi.

29. Yosh ijodkorlarning respublika Zomin seminari tashkil etildi.
30. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan nashr etilgan muhtasham va ulkan majmua «Turkiy adabiyot durdonalari» nashr etildi. To‘plam roppa-rosa 100 jilddan (tomdan) iborat. Majmuaga turkiy tilli davlatlar (O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Vengriya) adabiyotining eng sara namunalari kiritilgan. To‘plamdan jami 450 dan ziyod mumtoz va zamonaviy shoir, adib va mutafakkirlarning asarlari o‘rin olgan. Ushbu 100 jildlik majmua turkiy xalqlar tarixida ilk bor aynan O‘zbekistonda, o‘zbek tilida bu qadar yirik hajmda jamlanib, nashr etildi.
31. Yozuvchi va shoirlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash tizimi shakllandi; ijodkorlar uchun yangi sihatgoh va ijod uylari qurildi.
32. «Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish» dasturlari qabul qilindi. Kitobxonlikni ommalashtirish bo‘yicha davlat darajasida tanlovlar («Yosh kitobxon») tashkil etilib, millionlab yoshlar adabiyotga jalb qilindi.

33. Raqamli adabiyot va audiokitoblarni yaratishga keng yo‘l ochildi. Milliy adabiyotimiz namunalari elektron formatga o‘tkazildi, yirik kutubxonalar raqamlashtirildi va audiokitob ilovalari ishga tushdi.
34. Til va adabiyot tadqiqoti, matnshunoslik va tarjimonlik yo‘nalishida mutlaqo yangi va ixtisoslashgan oliy ta’lim maskani – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi.
35. Abdulla Qodiriy uy-muzeyi, memorial muzey majmuasi tashkil etildi.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova tayyorladi.