Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g‘oliblari taqdirlandi
Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davlat stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyuldagi tegishli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 690-son qaroriga muvofiq ta’sis etilgan. Stipendiya yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish, san’at sohasidagi izlanishlari va erishgan yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan.

Tanlov yakuniga ko‘ra, san’at va madaniyat sohasida o‘z iqtidori, izlanishi va faolligi bilan alohida ajralib turgan 6 nafar talaba Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g‘oliblari deb topildi.
Quyidagi yoshlar Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari sanaladi:
Mustarov Muzrob Sherzodovich — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti 4-bosqich talabasi, «Estrada xonandaligi» yo‘nalishi;
Nazarov Akramjon Abdulhakim o‘g‘li — Farg‘ona davlat universiteti 3-bosqich talabasi, «Vokal san’ati» yo‘nalishi;
Yermakova Melaniya Aleksandrovna — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti 3-bosqich talabasi, «Estrada cholg‘u ijrochiligi» yo‘nalishi;
Erdashbayeva Sevara Shuhratovna — O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali 4-bosqich talabasi, «Cholg‘u ijrochiligi» yo‘nalishi;
Chamanova Gulshoda Abdurahmon qizi — Qarshi davlat universiteti 3-bosqich talabasi, «San’atshunoslik» yo‘nalishi;
Abdukarimov Javohir Sobirjon o‘g‘li — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti 4-bosqich talabasi, «Texnogen san’at (musiqiy ovoz rejissyorligi)» yo‘nalishi.
Tantanali marosimda stipendiyaning ilk sohiblariga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda vazir o‘rinbosari Sanjar Bobojonov tomonidan diplom va mukofotlar topshirildi.

Botir Zokirov nomi bilan atalgan mazkur davlat stipendiyasi — o‘zbek san’atiga munosib hissa qo‘shishga intilayotgan yosh avlod uchun yuksak e’tirof va katta rag‘bat.
N.Usmonova,
O‘zA