Mustaqil taraqqiyot yo‘lida milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekiston
Buyuk o‘zbek yo‘li
Yaqinda mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligini Yangi Toshkent hududida qad rostlagan muhtasham maydonda katta tantana bilan nishonladik. Bayram dasturidagi ulug‘vor va jo‘shqin chiqishlar barchamizning qalbimizdagi g‘urur va iftixorni oshirdi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari nutqida aytilgan hayotbaxsh g‘oyalar, yangi tashabbuslar xalqimiz kuch-qudrati, bunyodkorlik salohiyatining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Ha, Prezidentimizning nutqi mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini chuqur sarhisob qilish bilan birga, mamlakatimizning kelgusi 10 yillik rivojlanish yo‘lini belgilab bergani bilan ham ahamiyatli. Shu bois, mazkur nutq yurtdoshlarimizni yangi marralar sari birlashtiradigan, yutuqlarimizni yanada mustahkamlab, kelajakka ishonch bilan intilishga undaydigan muhim siyosiy va ma’naviy dastur sifatida e’tirof etilmoqda.

Belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va ko‘zlangan yuksak marralarning barchasi, avvalo, inson manfaati va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan. Bu ezgu maqsadlar bizni yanada qudratli va farovon kelajak sari yetaklaydi. Davlatimiz rahbarining “Kelgusi o‘n yillik biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi” degan fikri bu yo‘lda barchamizga ishonch bag‘ishlab turibdi.
Ushbu fikrning ma’nosi juda keng va teran. Boisi, milliy yuksalish faqat iqtisodiyotimiz o‘sib borayotgani yoki yangi-yangi binolar qad ko‘tarayotgani emas, avvalo, insonning yuksalishi, hayoti va imkoniyatlari yaxshilanishi demakdir. Shu nuqtai nazardan, kelgusi yillarda asosiy e’tibor odamlarning bilim va kasb egallashi, sog‘lom va uzoq umr kechirishi, zamonaviy texnologiyalar asosida yangi ish o‘rinlari va munosib daromad manbalari yaratilishiga qaratiladi.
Shu ma’noda, bularning barchasi biz — xalq vakillari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi, albatta. Xususan, milliy maqsadlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish, ularning hududlardagi ijrosiga ko‘maklashish, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni davlat siyosati darajasiga olib chiqish kabilar bundan buyon ham parlament faoliyatining asosiy vazifasi bo‘lib qoladi. Ayni shu jarayonda Senatning hududiy vakillik palatasi sifatidagi o‘rni yanada yaqqol namoyon bo‘lishiga erishmog‘imiz darkor.
Istiqlolning ma’naviy tayanchi va inson qadri
Prezidentimiz nutqida mustaqilligimizning tarixiy ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analari bilan bog‘liq holda talqin etildi. Zero, O‘zbekistonning yangilanish va taraqqiyot yo‘li davlatchilik tajribasi, ilm-fan va ma’rifat an’analari, milliy qadriyatlar hamda ozodlikka intilish tuyg‘usi bilan uzviy bog‘liq.
Yurtimiz zaminida shakllangan ilk davlat tuzilmalari, shaharsozlik madaniyati va huquqiy an’analar xalqimizning davlatchilik salohiyati qadimiy va mustahkam ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi. Xorazmiy va Beruniyning ilmiy kashfiyotlari, Ibn Sinoning tafakkur olami, Ulug‘bekning ilmga sadoqati, Navoiyning insonparvarlik g‘oyalari esa milliy taraqqiyotimizning ma’naviy poydevorini asrlar osha boyitib kelgan buyuk merosning yorqin namunasidir.
Bu tarixiy merosning mantiqiy davomi sifatida jadid bobolarimizning milliy istiqlol, ma’rifatli jamiyat va zamonaviy taraqqiyot haqidagi orzularini ham eslash o‘rinli. Ular xalqning kelajagini ta’lim va ilmda, tafakkur erkinligida, dunyo ilm-fani yutuqlarini o‘zlashtirish va jamiyat hayotiga tatbiq etishda ko‘rdi. Shu jihatdan, bugungi islohotlarning inson qadri, bilim, tashabbus va erkin fikrga tayanishi jadidlar ilgari surgan ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan hamohang.
O‘ttiz besh yillik mustaqillik davri shu tarixiy meros va milliy salohiyatni zamonaviy taraqqiyot maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi ulkan tajriba bo‘ldi. Bu yillar xalqimiz matonati, mehnati va bunyodkorlik qudrati bilan kechdi. Ayni paytda bugungi avlod zimmasida erishilgan yutuqlarni asrash bilan birga, ularni yangi natijalar bilan boyitish, mamlakat taraqqiyoti uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish vazifasi turibdi.
Bu vazifalarning amaliy ifodasi keyingi yillarda inson manfaatini davlat siyosati markaziga qo‘yishga qaratilgan islohotlarda yaqqol ko‘rinmoqda. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilishi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi cheklovlarning qisqartirilishi, mamlakatimizning tashqi dunyoga ochilishi kabi o‘zgarishlar odamlarning o‘z salohiyati va mehnatiga ishonchini kuchaytirdi. Yurtdoshlarimizning mehnat qilishi, tashabbus ko‘rsatishi va qobiliyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan cheksiz imkoniyatlar esa islohotlarning ijtimoiy poydevorini tobora mustahkamlamoqda.
Davlatimiz rahbari bayram tabrigida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi keskin qisqarganini alohida ta’kidlagani bejiz emas. Buni shunchaki statistika sifatida qabul qilmasligimiz kerak. Uning ortida oilalar, ota-onalar, farzandlar, ularning orzulari va ertangi kunga umidlari turibdi. Eng muhimi, odamlar “hayotim ertaga qanday bo‘ladi?” deb emas, “yana nimalar qilsam, ko‘proq yutuqqa erishaman?” deb yashayotgani ko‘nglimizni tog‘dek o‘stiradi.
2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish reja qilingan edi, lekin bu maqsadga ancha erta – shu yilning o‘zidayoq yetishimiz kutilayotgani juda quvonarli, albatta. Eng muhimi, mamlakatimiz daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga qadam qo‘yadi. Bu ham shunchaki iqtisodiy ko‘rsatkich emas. Chunki mamlakat iqtisodiyoti o‘sganda uning samarasi odamlar dasturxonida, uyida, farzandining ta’limida, ishida, daromadida ko‘rinadi.
Zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarga tayangan kelajak
Davlatimiz rahbari har bir ma’ruzasida, xalq bilan o‘tkazadigan har bir uchrashuvida insonlar ertaga emas, bugun baxtli yashashi lozimligini, bu Vatanda inson aziz va mukarram ekanini alohida ta’kidlaydi. Mustaqillik bayramidagi nutqida ilgari surilgan inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dasturning o‘zaro uyg‘unligi ham fikrimiz isbotidir. Bu dasturlar ijrosini to‘la ta’minlashda har bir davlat tashkiloti, jamoatchilik institutlari, bir so‘z bilan aytganda, hammamiz bir tanu bir jon bo‘lib ishlashimiz talab etiladi.
Har bir mamlakatning taraqqiyoti ta’lim sohasidagi islohotlar natijadorligiga bevosita bog‘liq. Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishga alohida urg‘u berilib, malakali kadrlar tayyorlash ishlarini sifat darajasiga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi milliy dasturda ta’lim va kasbiy tayyorgarlikka ustuvor o‘rin berilgani ham bejiz emas. Zero, bugun dunyoda raqobat, avvalo, bilim, texnologiya va malaka sohasida kechmoqda. Yosh avlodning ana shunday keskin muhitda munosib o‘rin topishi uchun ta’limning barcha bosqichida sifat va imkoniyatlar tengligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarur.
Xususan, olti yoshli bolalarni tayyorlov guruhlariga to‘liq qamrab olish, texnikumlarda bir million yigit-qizni kasbga o‘qitish, kamida o‘nta universitetni dunyoning eng yaxshi mingta oliygohi qatoriga olib kirishdek ezgu maqsadlar shunchaki reja sifatida belgilab qo‘yilayotgani yo‘q. Albatta, bu vazifalar pedagoglarning malakasi, o‘quv dasturlari mazmuni va mehnat bozori ehtiyojlarini hamjihatlikda ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Ayniqsa, bugun talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotganini inobatga olsak, bu jamiyat kelajagi uchun naqadar ahamiyatli ekanini bilmog‘imiz muhim. Zero, bilimli ayol o‘z hayotini ongli ravishda qurish, iqtisodiy mustaqillikka erishish va farzandlariga munosib tarbiya berish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘ladi.
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi davrda yoshlar uchun yangi bilim va imkoniyatlar maydoni kengayib bormoqda. Sun’iy intellekt, raqamli ta’lim platformalari, elektron kutubxonalar, onlayn kurslar va zamonaviy axborot resurslari dunyo ilm-fani yutuqlaridan foydalanish imkoniyatini tobora osonlashtirmoqda. Bunday sharoitda o‘zbek tilining ilm, ta’lim va texnologiyalar yaratiladigan zamonaviy til sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirish strategik ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz o‘zbek tilining ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar sohasidagi mavqeini mustahkamlashga e’tibor qaratayotgani ham shu nuqtai nazardan muhim. Zero, tilning nufuzi uning faqat adabiy va madaniy hayotdagi mavqei bilan emas, balki zamonaviy bilimlarni yaratish, saqlash va tarqatishdagi imkoniyatlari bilan ham belgilanadi.
Hech shubha yo‘qki, bugun o‘qishda, kasbiy ta’limda, raqamli texnologiyalarda, ijodiy izlanishlar, sport hamda jamoat ishlarida dastlabki yutuqlari bilan barchani quvontirayotgan o‘g‘il-qizlarimiz yangi O‘zbekistonning oltin fondi va porloq kelajagidir. Prezidentimiz tabrikda aytib o‘tganidek, yil sayin safi kengayib borayotgan mana shunday zukko, tirishqoq farzandlarimiz timsolida Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz. Ularning har birini gurkurab o‘sadigan azim daraxt, ertangi kunimizning mustahkam ustunlari etib tarbiyalash davlat va jamiyatning eng ustuvor vazifasiga aylangan.
Salomatlik nafaqat baxt, balki jamiyat boyligidir
Mustaqillik yillarida erishgan natijalarimizni eslaganda, inson salomatligi va umr davomiyligidagi o‘zgarishlarni e’tirof etmoq o‘rinlidir. Prezidentimiz bu masalani ikkinchi dastur sifatida kiritgani ham bejiz emas. Ta’kidlanganidek, o‘tgan davrda mamlakatimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etildi, xususiy tibbiyotni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Natijada tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi. Lekin bu raqamlarning o‘zigagina qarab natijani baholab bo‘lmaydi. Chunki tibbiyotdagi eng katta yutuq, birinchi navbatda, inson salomatligi va hayotida ko‘rinadi.
Bir eslaylik: ilgari odamlar ko‘plab murakkab jarrohlik amaliyotlarini faqat xorijga borib qildirish mumkin, deb o‘ylardi. Bugun bu kasalliklar yurtimizning o‘zida davolanayotgani qanday baxt! 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari mukammal bajarilmoqda. Bu, avvalo, bemor uchun beqiyos qulaylik. Kasal bo‘lgan inson oilasidan uzoqqa ketmaydi, katta xarajatlar qilmaydi, o‘z yurtida malakali tibbiy yordam olish imkoniga ega bo‘ladi.
Kelgusi yillarda xalqimizning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishi uchun yanada ko‘p imkoniyatlar yaratish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va oldini olishga e’tiborni kuchaytirish muhim vazifalardan bo‘ladi. Aslida insonning sog‘lom yashagan har bir yili uning oilasi uchun quvonch, farzandlari uchun baxt, jamiyat uchun katta boylik. Shuning uchun “milliy yuksalish” deganda iqtisodiy o‘sish bilan birga, odamlarning sog‘lom, xotirjam va munosib hayot kechirishi ham ko‘zda tutilayotgani juda muhim. Ikkinchi milliy dasturdagi maqsadlar ham shu jihatlarni nazarda tutadi: kelgusi o‘n yillikda nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyoti, balki insonning o‘zi, hayot sifati va kelajakka ishonchi yanada yuksalishi kerak.
Shu maqsadda aholi salomatligiga doir davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkazish, davlat tibbiy sug‘urtasini keng tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mazkur mablag‘larning maqsadli sarflanishi, tibbiyot xodimlarining malakasi va bemorlarga munosabati kabi dolzarb masalalar ham borki, ularni nazorat qilishda zimmamizdagi mas’uliyat yanada ortgan.
Iqtisodiy qudrat va tabiat oldidagi mas’uliyat
Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotda texnologiya va mehnat unumdorligiga tayangan o‘sishni ta’minlashni ko‘zda tutadi. Savol tug‘iladi: bu nimalarga xizmat qiladi? Avvalo, bu yondashuv raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va aholi daromadini ko‘paytirish uchun zarur. Korxona zamonaviy texnologiyalar bilan ishlab, xodim yuqori malakaga ega bo‘lganda mehnatning iqtisodiy samarasi ortadi.
Shu ma’noda, iqtisodiyotga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bilan birga, innovatsion faoliyat uchun qulay huquqiy muhit yaratish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap va venchur bozorini kengaytirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali va mas’uliyatli foydalanishni ta’minlaydigan qonunchilik asoslarini izchil takomillashtirish zarur.
Mazkur sohalardagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, innovatsion biznes uchun qulay muhitni kengaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb etish va yangi texnologik yechimlarni bozorga olib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish borasidagi hayotiy takliflarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim, deb bilaman. Shuningdek, ilm-fan, ishlab chiqarish va biznes o‘rtasidagi kooperatsiyani kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tezkor tatbiq etish, korxonalarning innovatsion faolligini oshirish ham muhim. Bu borada startaplarni qo‘llab-quvvatlash, AT xizmatlari eksportini kengaytirish, intellektual mehnatga asoslangan yangi kasblar va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish, yoshlarni zamonaviy texnologik ko‘nikmalarga o‘qitish hamda ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini amalga tatbiq etishida ko‘makchi bo‘lsak, milliy dasturning xalqimiz hayotidagi amaliy ifodasiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. O‘z navbatida, startap va venchur ekotizimi, sun’iy intellekt, innovatsiyalarni tijoratlashtirish va raqamli hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga oid qonunchilikni ilg‘or xalqaro tajriba va milliy manfaatlar asosida takomillashtirib borish ham muhim, deb o‘ylayman.
Yana misollarga nazar tashlaymiz. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish, yalpi ichki mahsulotni 2030-yilgacha 300 milliard dollarga yetkazish va sanoatda ikki millionta yuqori daromadli ish o‘rni ochish maqsadlari keng imkoniyatlarni nazarda tutadi. Bu natijaga erishishda sarmoyaning hududlar rivojiga ta’siri, mahalliy kadrlar bandligi va ishlab chiqarishdagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Har bir loyiha joylarda qanday iqtisodiy imkoniyat yaratishi bilan ham baholanishi lozim.
Eng muhimi, bu jarayonlar markazida inson turibdi. Chunki taraqqiyotimizning eng ishonchli mezoni qancha loyihalar ishga tushgani, qancha mahsulot ishlab chiqarilgani yoki qancha eksport qilinganida emas, insonning o‘z yurtida mehnat qilib, oilasini boqishi, farzandi uchun yaxshi ta’limni ko‘zlashi, keksayganda munosib hayot kechirishi, ertangi kunini rejalashtira olishi kabilardir.
Bugun mehnat bozorida yangi talablar shakllanmoqda. Kecha bir kasb bilan bajarilgan ishlarni bugun zamonaviy texnologiyani tushunadigan, bir necha yo‘nalishda bilimga ega mutaxassislar bajarmoqda. Yangi uskunalar yangi ko‘nikmalarni talab qilyapti. Jahon bozori esa sifat, malaka va yangicha fikrlaydigan kadrlarga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Shu bois, iqtisodiyotdagi bugungi o‘zgarishlarni yangi korxonalar va ishlab chiqarish quvvatlari orqali ko‘rish bilan birga mehnatga, bilimga va inson salohiyatiga munosabatdagi yangilanish orqali ham anglash mumkin.
Taraqqiyotni tabiatdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi
Mamlakatimizning Prezidentimiz belgilab bergan yangi taraqqiyot bosqichi uchun muhim ustuvor vazifalar qatorida suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash lozim. Ular zamirida juda muhim g‘oya mujassam: taraqqiyotni tabiatdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari nutqida kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu raqam ortida ulkan strategik maqsad mujassam. Suv – qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligi va iqtisodiy barqarorlikning asosiy resurslaridan. Shuning uchun suvdan samarali foydalanish faqat bugunning emas, balki kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyati masalasi hamdir. Suvni tejash qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi, oziq-ovqat ta’minoti va qishloq aholisi daromadi uchun amaliy ahamiyatga ega. Fermer va dehqonning texnologiyani o‘zlashtirishi, unga xizmat ko‘rsatishi va sarflangan mablag‘ samarasini ko‘rishi uchun sharoit zarur. Bu jarayonda har bir hududning suv ta’minoti, tuproq va iqlim xususiyatlarini hisobga olish dasturning hayotiyligini ta’minlaydi.
Yashil hududlarni muhofaza qilish ham kundalik hayot sifati bilan bog‘liq. Maktab va shifoxonalar atrofidagi daraxtzorlar, mahalladagi yashil maydonchalar, aholi dam oladigan soya-salqin joylar umumiy boyligimizdir. Ularni asrashda qonun talabi, mahalliy organlar mas’uliyati va fuqarolar ishtiroki bir-birini to‘ldirishi kerak. Ekologik qarorlarning ochiq muhokamasi jamoatchilik ishonchini kuchaytiradi va tabiatga zarar yetkazadigan holatlarning oldini olishga yordam beradi. Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari ilgari surgan ekologik ustuvorliklarni mamlakatimizda inson uchun munosib, sog‘lom va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan strategik siyosatning mantiqiy davomi, deb bilaman.
Adolat va mahalla manfaatlariga tayangan boshqaruv
2017-yildan boshlab sud-huquq tizimi va inson huquqlarini himoya qilishda ham tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Ya’ni sud mustaqilligini ta’minlash va adolat mezonlarini tiklash ishlari boshlandi. Beshinchi milliy dasturga e’tibor qaratar ekanmiz, bu fikrlar naqadar to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lamiz. Unda sud mustaqilligi va qonun ustuvorligiga alohida urg‘u berilgani barcha islohotlarning ishonchli kafolatini mustahkamlashga qaratilgan.
Prezidentimiz fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar davom ettirilishini alohida ta’kidladi. Ha, inson o‘z haq-huquqini talab qilishdan cho‘chimasligi, tadbirkor esa qonuniy faoliyatiga asossiz aralashuv bo‘lmasligiga ishonch bilan ish yuritishi muhim. Bunday huquqiy muhit jamiyatda adolat va ishonchni mustahkamlash bilan birga, iqtisodiy faollik va tashabbus uchun ham barqaror sharoit yaratadi.
Ayollar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi choralarni kuchaytirish yurtimizda inson qadri tobora yuksalib borayotgani ifodasidir. Zo‘ravonlikka duch kelgan shaxs yordam olishi, xavfsizligi ta’minlanishi va huquqlari tiklanishi uchun mas’ul idoralar o‘rtasida uzviy hamkorlik bo‘lishi shart. Qonunlarda belgilangan kafolatlarning amalda qanday ishlayotganini o‘rganish parlament e’tiboridagi muhim vazifa bo‘lib qoladi.
Oltinchi milliy dastur mahallaning davlat qarorlarini shakllantirishdagi ishtirokini mazmunan kuchaytiradi. Tuman byudjeti, investitsiya va infratuzilma loyihalarini mahalla ehtiyojlariga tayanib ishlab chiqish rejasi xalq ovozining qarorlarda aks etishini ta’minlashga qaratilgan. Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, mahallaning ichki resurslarini aniqlash, aholi muammolarini joyida va tezkor hal etishga xizmat qiladigan noyob tizim – “mahalla yettiligi”ning faolligi juda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash joiz.
Mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish tashabbusi mahalliy byudjet va loyihalarni yuqoridan emas, aynan oddiy odamlar, ko‘makka muhtoj oilalarning ehtiyojlaridan kelib chiqib taqsimlash imkonini beradi. Bu ijtimoiy tenglik, shuningdek, davlatning xalqimiz oldidagi mas’uliyatini yanada oshirish g‘oyalari ro‘yobining asl ifodasi bo‘ladi, desak adashmaymiz. Qolaversa, mazkur yondashuv har bir mahalla muammosini aniq o‘rganish, ustuvor vazifalarni aholi bilan kelishish va ularga mos resurs ajratishni talab qiladi. Misol uchun, bir hududda ichimlik suv ta’minoti, boshqasida maktabdagi o‘quv o‘rinlari yoki transport qatnovi ustuvor bo‘lishi mumkin. Mahalliy dasturlar ana shu farqlarni inobatga olgandagina mablag‘ eng zarur ehtiyojlarga xizmat qiladi. Shu bilan birga, murojaatlarni ko‘rib chiqishda bir murojaatchi muammosini hal etish orqali butun hududga xos bo‘lgan tizimli sabablarni ham aniqlashga intilishimiz kerak.
Bu jarayon xalq deputatlari hududiy kengashlarining mas’uliyatini yanada oshiradi. Aholini o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganish, mahalliy byudjet va hududiy dasturlarni muhokama qilish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat etish mazmunan bir-biri bilan bog‘liq bo‘lishi darkor. Senatning mahalliy vakillik organlariga ko‘maklashish vazifasi deputatlarning tahliliy salohiyatini, qonunchilikdan foydalanish va jamoatchilik bilan ishlash imkoniyatini kuchaytirishda o‘z ifodasini topadi.
Mahalladan boshlangan o‘zgarishlarning natijasi fuqaroga birdek tushunarli bo‘lishi muhim. Odamlar o‘z taklifi qay tarzda ko‘rib chiqilgani, qaysi masala qachon hal etilishi va ajratilgan mablag‘ qanday sarflanganini bilishi kerak. Ana shunday ochiqlik aholi bilan davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi, fuqaroni o‘z hududining rivojida faol ishtirok etishga undaydi.
Tinchlik va hamkorlikning hayotiy ahamiyati
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugungi murakkab dunyoda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning bebaho boyligidir. Bunday muhit o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. U inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini hurmat qilish, turli qarash va e’tiqod vakillari o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, Vatan taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali mustahkamlanadi.
Prezidentimiz yuritayotgan ochiq va tinchlikparvar tashqi siyosat mamlakatimizning ichki taraqqiyoti uchun ham qulay sharoit yaratmoqda. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgani mintaqa davlatlari o‘rtasidagi muloqot va amaliy hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirdi.
Chegaralar yaqinida yashaydigan aholi uchun bu jarayon oddiy insonlar o‘rtasidagi bordi-keldining kengayishi, tadbirkorlar uchun yangi bozorlarga chiqish, yoshlar uchun ta’lim va madaniy almashinuv imkoniyatlarining ortishi orqali namoyon bo‘ladi. Demak, yaxshi qo‘shnichilik siyosati faqat diplomatik munosabatlar emas, balki odamlarning kundalik hayotiga ta’sir qiladigan amaliy jarayondir.
Bu siyosatni qo‘llab-quvvatlashda parlament diplomatiyasining alohida o‘rni bor. Xorijiy parlamentlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, qonunchilik sohasida tajriba almashish, o‘zaro manfaatli kelishuvlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Parlament diplomatiyasining ahamiyatini faqat siyosiy muloqot bilan cheklab bo‘lmaydi. Xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va ilm-fan, ekologik barqarorlik, madaniy-gumanitar aloqalar kabi masalalarda tajriba almashish ham xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlaydi.
Shu nuqtai nazardan yettinchi milliy dasturning mazmunini faqat tashqi siyosat bilan bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning zamirida ichki tinchlik va totuvlikni asrash, ochiq va ishonchli munosabatlarni rivojlantirish, qo‘shnilar bilan do‘stlikni mustahkamlash va mamlakatning xalqaro imkoniyatlarini xalq farovonligiga yo‘naltirish kabi o‘zaro bog‘liq vazifalar mujassam. Tinchlikparvarlik va bag‘rikenglik faqat ma’naviy qadriyat emas, balki taraqqiyotning muhim sharti hamdir. Turli millat va e’tiqod vakillarini yagona Vatan atrofida birlashtirgan hamjihatlik, qo‘shni davlatlar bilan ishonchga asoslangan munosabatlar va dunyo mamlakatlari bilan ochiq muloqot bir-birini to‘ldirib, O‘zbekistonning barqaror va farovon kelajagi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Milliy maqsadlar va parlament mas’uliyati
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, o‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, har qanday cho‘qqini zabt etish mumkin. Kimki zamondan ilgari fikrlay olsa, kelajakni yaratadi, kimki kechagi qoliplar bilan yashasa o‘tmishda qolib ketaveradi. Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston g‘oyasi orqali taraqqiyotning eng muhim qonuniyatini amalda namoyon etdi: buyuk o‘zgarishlar avvalo tafakkurdan boshlanadi. Bugun mamlakatimizdagi keng ko‘lamli islohotlar ana shu yangicha tafakkurning amaliy ifodasidir. Davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik, hisobdorlik, qonun ustuvorligi, inson qadri va hech kimni muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik tamoyillari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Bugun milliy parlamentarizm tarixiga faqat qonunlar soni yoki parlamentning tashkiliy tuzilishi nuqtai nazaridan qarab bo‘lmaydi. Uning haqiqiy mazmuni xalq irodasining davlat qarorlariga aylanish mexanizmi qanday o‘zgarganida namoyon bo‘ladi. Nutqda belgilangan ustuvor vazifalar qonun ijodkorligi va parlament nazoratining natijadorligiga qo‘yiladigan talablarni ham oshiradi. Biz muhokama qilayotgan har bir qonunning inson hayotiga, tadbirkorlik muhitiga va hududlar rivojiga ta’sirini chuqur baholashimiz zarur.
Senatda qonunlarni ko‘rib chiqishda hududlarning o‘ziga xos sharoiti va aholi ehtiyojlarini hisobga olish muhim ekanini bot-bot takrorlaymiz. Joylardagi o‘rganishlar, fuqarolarning murojaatlari va mahalliy Kengashlar takliflari qonunchilikni takomillashtirishga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu bog‘liqlik muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va unga tizimli yechim topish imkonini yaratadi. Zero muammolardan xoli hudud, tashvishsiz oila, yechimini kutmayotgan masalalar yo‘q, deya olmaymiz. Bu jarayonlar o‘rganish, ilgari surilayotgan tashabbuslar yordamida izga tushmoqda. Muhimi natija, ishimizdagi samaradorlik va odamlar ko‘zidagi minnatdorlik va ishonch.
Parlament nazoratida ham e’tiborni amaliy natijaga qaratishimiz talab etiladi. Misol uchun oladigan bo‘lsak, ta’limdagi o‘zgarish bolaning bilimiga, tibbiyotga yo‘naltirilgan resurs tibbiy xizmat sifatiga, bandlik choralari oilaning barqaror daromadiga qanday ta’sir qilgani kun tartibimizdagi asosiy savol bo‘lmog‘i kerak. Muammo aniqlanganda uning sababini ochish, mas’ullardan yechim talab qilish va kuzatib borish nazorat ta’sirchanligini oshiradi.
Ayniqsa, umumiy ko‘rsatkichlar ortida ayrim hududlar yoki aholi guruhlarining muammolari e’tibordan chetda qolmasligi zarur. Chekka qishloqda yashayotgan oila, ish izlayotgan yosh, nogironligi bo‘lgan fuqaro yoki o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayol yaratilgan imkoniyatdan qay darajada foydalanayotgani biz uchun muhim mezondir. Islohotlarning barchaga yetib borishi jamiyatdagi adolat va birdamlikni mustahkamlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, milliy yuksalish davri davlat idoralari bilan birga, butun jamiyat faolligini talab qiladi. Olimning izlanishi, o‘qituvchining sabog‘i, tadbirkorning tashabbusi va har bir insonning vijdonan mehnat qilishi umumiy taraqqiyotga hissa bo‘lib qo‘shiladi. Bu o‘rinda xalq vakillarining vazifasi esa intilishlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ro‘yobga chiqishi uchun zarur huquqiy sharoit yaratishdir.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyotimiz bizga o‘z kelajagimizni o‘zimiz belgilashdek bebaho huquq berdi. Endi uning qadrini farzandlarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, yurtimizda adolatni mustahkamlash va xalqimiz farovonligini oshirish bilan namoyon etmog‘imiz zarur. Shubhasiz, Prezidentimiz ilgari surgan milliy yuksalish g‘oyasi insonparvar davlatni barpo etish yo‘lida barchamizni birlashtirishda muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Tanzila NORBOEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Raisi