Mustaqillikdan milliy yuksalish sari: Yangi O‘zbekistonning yangi o‘n yillik taraqqiyot xaritasi
Munosabat
Mamlakatimiz davlat mustaqilligiga erishganidan buyon o‘tgan 35 yillik davrda davlatchiligimizning huquqiy va siyosiy asoslari mustahkamlandi, milliy iqtisodiyot shakllandi, jamiyat hayotining barcha sohalarida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Mustaqillikning tarixiy ahamiyatini anglash uchun, avvalo, uning ildizlari xalqimizning ko‘p ming yillik davlatchilik va sivilizatsiya tarixiga borib taqalishini eslash lozim. Buyuk ajdodlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari allomalar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat ilm-fani va tafakkuri taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa markazlashgan davlatchilik, adolat va bunyodkorlikning yuksak namunasi sifatida tariximizda o‘chmas iz qoldirgan.
XX asr boshlarida milliy ozodlik va ma’rifatparvarlik harakatining peshqadamlari bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi jadidlar xalqimizning erkin va farovon hayot kechirishi, zamonaviy ilm-ma’rifatga ega bo‘lishi haqida orzu qilgan edilar. Bugun biz bu orzu-maqsadlarning amaliy ifodasini ko‘rib turibmiz.

Mustaqillik tufayli ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Eng muhimi, xalqimiz o‘z tarixi, milliy g‘ururi va buyuk ajdodlari bilan faxrlanish, o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘ldi.Shu bois istiqlol bayrami – o‘tmishga hurmat, bugunga shukr va kelajakka yuksak ishonch timsolidir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning eng muhim natijasi – inson manfaati va qadrini davlat siyosatining markaziga olib chiqish bo‘ldi. Aholi yillar davomida duch kelgan qator muammolarga barham berildi. Majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qarshi tizimli kurash olib borilib, bu illatlarga chek qo‘yildi. Valyuta siyosatining erkinlashtirilishi, soliq va bojxona sohalaridagi islohotlar, fuqarolarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qilgan eski ma’muriy mexanizmlarning bekor qilinishi odamlarning davlatga bo‘lgan munosabatini ham o‘zgartirdi.
Eng muhimi, jamiyatda odamlarning davlatdan qo‘rqishi emas, balki davlatga ishonishi va o‘z kelajagiga ishonch bilan qarashi uchun yangi muhit shakllandi. O‘zbekistonning tashqi dunyoga ochilishi ham muhim tarixiy natijalardan biri bo‘ldi. Qo‘shni davlatlar bilan chegara va munosabatlarga oid muammolar hal etildi, Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va hamkorlik muhiti mustahkamlandi.
Iqtisodiy sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘lami keskin oshdi. Ilgari yiliga bir necha milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich o‘nlab milliard dollarga yetmoqda. Bu raqamlar ortida yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari, zamonaviy texnologiyalar, yangi kasblar va insonlar uchun yangi imkoniyatlar mujassam.
Albatta, har qanday statistik ko‘rsatkichning ortida inson taqdiri turadi. Shuning uchun bu natijalarni faqat raqam sifatida emas, balki o‘z xonadonida baraka, ish va daromad paydo bo‘lgan, farzandini o‘qitish uchun imkoniyatga ega bo‘lgan millionlab insonlarning hayotidagi o‘zgarish sifatida baholash kerak. Zamonaviy uy-joy bilan ta’minlangan 650 mingdan ziyod oila hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar ham ijtimoiy davlat tamoyilining amaliy ifodasidir.
Kelgusi taraqqiyotimiz taqdiri, shubhasiz, inson kapitaliga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Yangi O‘zbekistonning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Maktabgacha ta’lim qamrovining kengayishi, yangi maktablar va o‘quv o‘rinlarining yaratilishi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi farzandlarimizga sifatli ta’lim olish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Oliy ta’limda ham qamrov keskin oshdi. Talabalar sonining 1 million 600 ming nafarga yetgani yosh avlodning bilim olishga bo‘lgan intilishini yaqqol ko‘rsatadi. Ayniqsa, talabalar orasida xotin-qizlar salmog‘ining yuqoriligi alohida ahamiyatga ega. Zero, bilimli qiz – bilimli oila, bilimli oila esa bilimli va ma’rifatli jamiyat demakdir.
Endilikda oldimizda yanada katta vazifalar turibdi. Olti yoshli bolalarni tayyorlov guruhlariga 100 foiz qamrab olish, maktablarni xalqaro baholash dasturlariga to‘liq integratsiya qilish, texnikumlarda zamonaviy kasblarga o‘qitishni kengaytirish, kamida 10 ta milliy universitetimizni jahonning TOP-1000 taligiga kiritish, bularning barchasi inson kapitalini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.
Shuningdek, inson qadrini yuksaltirish haqida gap ketganda, aholi salomatligi masalasini chetlab o‘tib bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshirildi. Yangi tibbiyot muassasalari barpo etildi, xususiy sektor uchun keng imkoniyatlar yaratildi, yuqori malakali tibbiy kadrlar tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi.
Eng muhimi, ilgari xorijda amalga oshirilgan murakkab diagnostika va davolash usullarining mamlakatimizda ham yo‘lga qo‘yilishi tibbiyot sohasining salohiyati oshib borayotganini ko‘rsatadi. Kelgusi davrda esa profilaktikaga asoslangan tibbiy xizmat modelini joriy etish, davlat tibbiy sug‘urtasini barcha xonadonlarga tatbiq qilish, zamonaviy tibbiyot va farmatsevtikani yanada rivojlantirish ustuvor vazifalardan bo‘ladi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan belgilanayotgan eng muhim vazifa – erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, mamlakatimizni taraqqiyotning yanada yuqori bosqichiga olib chiqishdir.
Shu ma’noda, kelgusi o‘n yillikning milliy yuksalish davri sifatida belgilanishi ulkan strategik maqsadlarni o‘z ichiga oladi. Bu jarayonda 7 ta milliy dastur alohida ahamiyat kasb etadi.
Birinchi dastur, bilim va malakani milliy taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishga qaratilgan. Bu orqali maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan tizim sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqiladi.
Ikkinchi dastur, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi. Profilaktikaga asoslangan tibbiyot, tibbiy sug‘urta va zamonaviy tibbiy texnologiyalarni keng joriy etish inson salomatligini muhofaza qilishning yangi modelini shakllantiradi.
Uchinchi milliy dastur iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, yalpi ichki mahsulot hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, sanoatda yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish kabi vazifalar iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
To‘rtinchi dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan. Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi bosqichga olib chiqish va shahar hamda tumanlarda yashil hududlarni kengaytirish ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlash. Adolat qaror topmagan joyda barqaror taraqqiyot bo‘lishi qiyin. Shu bois fuqarolar va tadbirkorlarning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish, kiberjinoyatchilik, odam savdosi, uyushgan jinoyatchilik va “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashni kuchaytirish muhim vazifadir.
Oltinchi dastur mahallaning jamiyat taraqqiyotidagi rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Mahallaning o‘zida aholi ehtiyojlarini aniqlash, davlat va investitsiya dasturlarini real ehtiyojlar asosida shakllantirish – xalqchil boshqaruvning muhim shartidir.
Yettinchi milliy dastur esa O‘zbekistonning tinchlikparvar, ochiq va bag‘rikeng davlat sifatidagi xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillikning 35 yillik taraqqiyot yo‘li, bu xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy o‘zligini anglash va munosib hayot barpo etish yo‘lidir. Bugun erishilgan natijalar bizga katta ishonch bag‘ishlayotgan bo‘lsa, oldimizda turgan 7 ta milliy dastur kelgusi o‘n yillikni tom ma’noda milliy yuksalish davriga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA