Musiqa va san’at maktabi yangi binoda
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabi binosi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabi binosi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.Mamlakatimizda yoshlarga san’atning milliy va zamonaviy yo‘nalishlari bo‘yicha puxta bilim berish, san’atga ixlosmand iste’dodli yoshlarni kashf etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
San’at maktabining yangi binosi “Sadaf” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablari asosida bunyod etildi. Bu yerda fortepyano, milliy va zamonaviy cholg‘u asboblari, an’anaviy xonandalik, xoreografiya, estrada, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha alohida sinfxonalar, zamonaviy konsert zali mavjud.
– Ayni paytda viloyatimizda 18 bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi J.Jumaqulov. – Navqiron avlodning iste’dod va salohiyatini keng namoyon etishi uchun zamonaviy sharoit yaratish, yoshlarni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ushbu maskanlarda 3 mingdan ziyod yosh musiqa bilan shug‘ullanmoqda.