Muomaladagi bank kartalari yillik o‘sishi sekinlashdi
Markaziy bank tomonidan 2026-yil 1-yanvar holatiga muomaladagi bank plastik kartalari, terminallar, bankomat va infokiosklar hamda 2025-yil yanvar-dekabr oylari davomida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar to‘g‘risida ma’lumotlar e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 6,27 mln. donaga oshdi va jami 68,27 mln.taga yetdi. Biroq kartalarning yillik o‘sish sur’ati 2024-yil (+15,7 mln.) va 2023-yil (+12 mln.) ko‘rsatkichlariga nisbatan sezilarli darajada pasaygan. Bu holatga Markaziy bankning 2025-yil yanvaridan bir nafar mijozga 20 tagacha bank kartasi ochish bo‘yicha cheklov joriy qilgani ham ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Muomaladagi kartalar soni bo‘yicha eng katta o‘sish Uzum bank (+4,32 mln. dona, 556,2%), Agrobank (+1,20 mln. dona, 22,3%), Hamkorbank (+867,3 ming dona, 29,2%)da kuzatildi. Bu o‘sish bank tizimidagi umumiy o‘sishning 68,9 foiz hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shu bilan birga, 7 ta bankda kartalar soni kamaygan. Eng katta pasayish Octobank (-2,97 mln. dona), Xalq banki (-1,65 mln. dona) va TBC Bank (-1,37 mln. dona)da kuzatildi. Octobankdagi pasayish 2025-yilning iyunida Humans VISA kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilgani bilan bog‘liq.
2025-yilda to‘lov terminallari soni 4 537 taga ko‘payib, 430 762 taga yetdi. Eng katta o‘sish Hamkorbank (+22,23 ming ta), Trastbank (+3,02 ming ta) va Universalbank (+2,30 ming ta) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bankomat va infokiosklar soni esa 29 909 tadan 40 090 tagacha oshdi. Jami qurilmalarning 22 600 tasi to‘lov tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
2025-yilda to‘lov terminallari orqali tushgan umumiy tushum 460,26 trln. so‘mni tashkil qildi. Eng yuqori tushum Aloqabank (54,06 trln), TBC Bank (33,2 trln.), O‘zmilliybank (30,2 trln.) va Ipoteka-bank (28,8 trln.) terminallari orqali qabul qilingan.
Markaziy bank ma’lumotlari bank infratuzilmasi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq kartalar sonining yillik o‘sish sur’ati pasayishi bozordagi cheklovlar va mijozlar harakatlariga ham bog‘liq.
Sh.Mamaturopova, O‘zA