"Özbekneftgaz" yil yakuniga qadar benzin işlab çiqariş hajmini 1,1 million tonnaga yetkazadi
Qiş mavsumida avtomobil yoqilğisiga bölgan talab ortişi ehtimoli inobatga olinib, içki bozorni barqaror taʼminlaş böyiça çoralar körilmoqda. Bunda mahalliy işlab çiqarişni köpaytiriş, zaxiralarni şakllantiriş va zarurat tuğilganda qöşimça importni yölga qöyişga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu haqda "Özbekneftgaz" AJ axborot xizmati rahbari Mömin Ibodov iştirokida ötkazilgan brifingda maʼlum qilindi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilda xomaşyo va tayyor neft mahsulotlari importi kamayganiga qaramay, jamiyat tizimida benzin işlab çiqariş hajmi oşirilmoqda. Xususan, Buxoro neftni qayta işlaş zavodida yil boşidan buyon 916,1 ming tonna benzin tayyorlandi. Bu belgilangan rejaning 101 foiziga teng.
Yil yakuniga qadar işlab çiqarişni 1 million 100 ming tonnaga yetkaziş rejalaştirilgan. Bu ötgan yilgi 1 030 600 tonna körsatkiçga nisbatan 107 foizni taşkil etadi. Jumladan, noyabr oyida 103,3 ming tonna, dekabr oyida esa 123,1 ming tonna benzin işlab çiqariş közda tutilgan. Taqqoslaş uçun, ötgan yilning şu oylarida mos ravişda 87,2 ming va 90 ming tonna mahsulot tayyorlangan.
Ayni paytda zavodda bir sutkada örtaça 3 200-3400 tonna benzin işlab çiqarilmoqda. Qiş mavsumi uçun zavod va neft bazalari omborlarida jami 102 ming tonna benzin zaxirasi şakllantirilgan. Bu ötgan yilning mos davridagi körsatkiçdan 25 ming tonna köp bölib, ikki oylik isteʼmol ehtiyojini qoplaş imkonini beradi.
Brifingda bozorga mahsulot yetkazib beriş masalasiga ham töxtalib ötildi. Qişda metan gazi quyiş şoxobçalari faoliyatiga vaqtinçalik çeklovlar kiritilişi benzinga talabni oşirişi mumkin. Şu bois "Özbekneftgaz" birja savdolariga çiqariladigan mahsulot hajmini talabga qarab kunlik 8 ming tonnaga, zarurat tuğilganda esa 10 ming tonnagaça oşiriş imkoniyatini hisobga olgan.
Hozirda jamiyat tomonidan birja savdolariga har kuni jami 4,6 ming tonna benzin, şu jumladan, 4,3 ming tonna AI-92 rusumli yoqilği çiqarilmoqda. Ötgan yili kunlik örtaça taklif 2,2 ming tonnani taşkil etgan. Şuningdek, xususiy importyorlar tomonidan benzin olib kiriş hajmi kamaygan. Xususan, oktabr oyida import hisobiga içki bozorga 5,5 ming tonna benzin yetkazib berilgan. Mavsumiy talabni qondiriş va ehtimoliy taqçillikning oldini oliş uçun qöşimça tayyor benzin import qiliş çoralari ham körilmoqda.
Bozordagi narxlar özgarişiga taʼsir körsatayotgan omillar qatorida mavsumiy talab va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlar ham qayd etildi. Ayrim xususiy şoxobçalarda benzin taqçilligi yuzaga kelişidan xavotirlanib, mahsulotni oldindan köproq xarid qiliş holatlari kuzatilmoqda. Bu birja savdolarida talabning ortişi va narxlar kötarilişiga taʼsir qilişi mumkin.
Brifing yakunida jahon bozorida neft narxlari özgarib turganiga qaramay, "Özbekneftgaz" tomonidan birja savdolariga çiqarilayotgan benzinning boşlanğiç narxi barqaror saqlanayotgani qayd etildi. Xususan, aprel oyidan buyon bir tonna benzinning boşlanğiç narxi 14 million sömni taşkil etmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, ÖzA