Muhim vazifalar belgilab olindi
Andijonda viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlarining avgust kengashlari yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan muborakbod etdi. Shuningdek, viloyatdagi oliy va professional ta’lim muassasalarida talaba va o‘quvchilarga puxta bilim berish, kasb-hunar o‘rgatish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida salmoqli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda o‘tgan 2023-2024 o‘quv yilida viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim muassasalari hududlararo ko‘rsatkichlarda 1- o‘rinni egallaganligi yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish va o‘rgatishda viloyatda olib borilayotgan amaliy ishlarning samarasi ekanligi qayd etildi.
[gallery-19012]
Yalpi yig‘ilishda yangi o‘quv yilidagi rejalar, amalga oshiriladigan ishlar, muhim vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda professional ta’lim tizimidagi samarali faoliyati, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda faolligi uchun bir guruh boshqarma hamda ta’lim muassasalari xodimlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyat hokimligi, hududiy boshqarmaning fahriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Anjuman ishtirokchilari ozod va obod Vatanimizning kelajagi bo‘lgan yosh avlodni barkamol, malakali kasb-hunar egasi, bugungi kun talabiga javob bera oladigan mutaxassislar qilib tayyorlash yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, mehnat qilishni o‘z oldilariga asosiy maqsad qilib qo‘ydi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari