FOTOREPORTAJ
Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom Abdug‘ani Jumaning “Yurakka ko‘milar asl shoirlar” nomli fotoko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur badiiy fotoko‘rgazmada tomoshabinlar e’tiboriga 70 ta fotoasar taqdim etilmoqda. Unda an’anaviy fotosuratlardan farqli o‘laroq, alohida va guruhli portretlar, fotomontaj tarzidagi turkum fotoportretlar hamda shoirning ijodiy hayotidan ba’zi voqeliklarni ko‘rsatuvchi fotolavhalar o‘rin olgan. Ularning barchasi Muhammad Yusuf hayoti, ijodi haqida hikoya qiladi.
[gallery-21609]
Ko‘rgazmaning puxta ishlangan konsepsiyasi sinchkov tomoshabinni mulohazaga chorlaydi. Ko‘rgazma zali foyesida bannerga ko‘chirilgan fotosuratlar xalqning suyukli farzandi, ijodida Vatan mavzusini baland kuylagan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf xotirasi davlatimiz va xalqimiz tomonidan qanchalar qadrlanayotganligini ko‘rsatadi. Zotan shoirning o‘z Vataniga sodiqligi, xalqiga bo‘lgan yuksak muhabbati, yurt kelajagi uchun chin dildan qayg‘urishi uning she’rlarida muhrlangan bo‘lib, yoshlar tarbiyasida ushbu merosning o‘rni muhim qiymatga ega.
Zalning o‘ng tomonida shoirning o‘smirligi, hayotga mustaqil qadam qo‘ygan ilk davrlari, oilasi va yaqinlari taqdim etgan tarixiy fotosuratlardan texnik fotomontaj usulidan foydalanib tayyorlangan fotosuratlar namoyishga qo‘yilgan. Asosiy qismda shoirning hayotlik chog‘i, sermahsul ijod jarayonlari, fotograf bilan samimiy munosabatlarini namoyish etuvchi tarixiy-hujjatli fotosuratlar o‘rin olgan. Bu fotosuratlarda shoir Muhammad Yusufning obrazi o‘ziga xos tarzda, turli holat va kayfiyatda gavdalantirilgan. Suratlar haqqoniy bo‘lib, ularga shoirning haqiqiy siyrati singdirilgani shundoq ko‘rinib turibdi. Portret janrida talqin etilgan obrazlarda holatlar, mimikalar turlicha bo‘lsada, tomoshabin shuurida shoir hayotdagidek samimiy gavdalanadi.
Taqdimotda shuningdek, ko‘rgazma muallifi Abdug‘ani Juma tomonidan tayyorlangan “Muhammad Yusufning birinchi va so‘nggi surati” nomli esse-katalogi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA