Poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida bir necha kun davomida o‘tkazilgan Aralash jang san’atlari bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Chempionatning kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush va 8 ta bronza medaliga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi.
Kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda Jamshid Tillayev, Zafar Rashidov va Asrorbek Anvarjonov o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Qarshi Usmonov finalga qadar janglarda zafar quchgan holda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, terma jamoa a’zolari Firdavs Hayitmatov, Shamshod Shukurov, Islombek Qodirov, Humoyiddin Muxtorov, Natalya Qodirova, O‘g‘iloy Jumanova, Gulsara Qozoqboyeva hamda Mashhura Yo‘ldosheva bronza medali sohibi bo‘ldi.

Medallar jamg‘arish bo‘yicha 3 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medaliga ega chiqqan Tojikiston terma jamoasi ikkinchi, 3 ta oltin hamda 1 ta kumush to‘plagan Ukraina termasi uchinchi bo‘ldi.
Yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Zafarjon Asatov, Mirjalol O‘rolov, Muzayana Sadriddinova hamda Xurshidaxon Roziqova o‘z vazn toifalarida jahon chempioniga aylandi.

Firdavs Atamuradov, Sarvarbek Hasanov, Ra’no Nasreddinova, Mahliyo Abdumannopova kumush medali bilan taqdirlandi. Jahon chempionatining bronza medali Shohjahon Temirov, Ilhomjon Borisov, Suxrob Boymatov, Islombek Quvonchev, Yusupboy Ahmedov, Mirzohid Sobirov, Musinjon Mo‘minjonov, Odinaxon Abdug‘aniyeva, Shohsanem Amaniyazova, Xadichabonu Tursunqulovaga nasib qildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 4 tadan oltin va kumush hamda 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan holda jahon chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA