O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro atom sohasi yoshlari forumida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Obninsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Obninsk NEW” xalqaro atom sohasi yoshlari forumida qatnashdi.
Mazkur nufuzli anjumanda jahonning 70 davlatidan 500 nafardan ortiq yoshlar, shuningdek, 10 mamlakatning rasmiy delegatsiyalari qatnashdi. Yana 25 ta hamkor maydon orqali minglab talabalar forum ishini onlayn kuzatdi.
Ta’kidlash kerakki, forumning Obninsk shahrida o‘tkazilgani ham ramziy ahamiyatga ega. Chunki 1954-yil 26-iyun kuni aynan shu yerda dunyodagi birinchi atom elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Bu tarixiy voqea nafaqat yadro energetikasi taraqqiyotiga asos soldi, balki Obninskni jahon atom ilm-fani markazlaridan biri sifatida tanitdi.
Forum atom sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar, muhandislar va mutaxassislar o‘rtasida muloqot hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi nufuzli maydonga aylandi. Bu yilgi tadbirning bosh mavzusi orzuning shaxsiy, kasbiy va texnologik taraqqiyotdagi o‘rniga bag‘ishlandi.
Tadbir dasturining birinchi qismida yoshlar hamjamiyatlarining jahon atom sanoati rivojiga qo‘shayotgan hissasi, xalqaro hamkorlik doirasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari hamda Obninskning atom sohasidagi yosh liderlarni birlashtiruvchi global markaz sifatidagi o‘rni muhokama qilindi.
Forumning asosiy tadbirlari doirasida “Insoniyat kelajagi uchun atom energetikasi: texnologiyalar, bilim va hamkorlikni birlashtirgan holda” mavzusida yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev ma’ruza qilib, atom energetikasini rivojlantirishda xalqaro hamkorlik, zamonaviy bilimlar va malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyatiga to‘xtaldi.
Shuningdek, “Hayot uchun atom: yadro tibbiyoti”, “Obninsk Tex: yadro ta’limi buguni va kelajagi”, “Kvant texnologiyalari – kelajak kasbi” mavzularidagi panel sessiyalarda yadro texnologiyalarining energetikadan tashqari sohalardagi qo‘llanilishi, yuqori texnologiyali tibbiyotni rivojlantirish, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda aholi turmush sifatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Forum maydonlarida yosh ishtirokchilar jahon atom sanoatining yetakchi vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va ekspertlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish imkoniga ega bo‘ldi. Bu kabi uchrashuvlar tajriba almashish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda yoshlarning xalqaro loyihalardagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, xalqaro yoshlar yadro forumi “Rosatom” davlat korporatsiyasi, Kaluga viloyati hukumati va “MIFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA